Tog‘-kon sanoatida ilg‘or g‘oyalar va tashabbuslar rag‘batlantirildi
Poytaxtimizdagi “Zakovat arenasi”da Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi sanoat korxonalarida joriy etilgan eng samarali ratsionalizatorlik takliflari tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda ishtirokchilar ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflari, innovatsion yondashuvlari va yangi g‘oyalari bilan o‘z iqtidori hamda kasbiy mahoratini namoyon etdi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, "Navoiy KMK" AJ vakili "Yilning eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi" nominatsiyasida birinchi o‘rinni egalladi. "Navoiyuran" DK vakili "Yilning eng yaxshi amaliy taklifi" nominatsiyasida ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. "Olmaliq KMK" AJ vakili esa "Yilning eng yaxshi innovatsion yondashuvi" nominatsiyasida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, "O‘zbekko‘mir" AJ vakili "Yilning eng yosh ratsionalizatori" nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Tadbirda soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan mutaxassislar bilan bir qatorda, ustoz va murabbiylarning mehnati ham e’tirof etildi. Xususan, 1-oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan vazirlik tizimidagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasida ko‘p yillardan buyon samarali faoliyat yuritayotgan, yoshlarga chuqur bilim va tarbiya berishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan ustozlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, tadbir yakunida ishlab chiqarishga yangi g‘oyalarni joriy etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, xodimlarning tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash va yosh mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA