Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi: sarhisob va rejalar
2025-yilda mamlakatimiz mineral xomashyo bazasini barqaror rivojlantirish, yangi konlarni aniqlash va geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, respublika hududining 1:200 000 masshtabdagi kompleks raqamli geologik xaritalari to‘liq shakllantirildi va yagona ma’lumotlar bazasi yaratildi.
Shu bilan birga, Janubiy O‘zbekiston hududida kosmogeologik va geokimyoviy tadqiqotlar, shuningdek, yirik hajmda aerogeofizik ishlar bajarildi hamda qator tog‘ massivlarida mukammal regional geologik o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
Bugun Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi mas’ullari shu haqda ma’lumot berdi.
Unda Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov tashkilot tomonidan 2025-yil yakunlari hamda 2026-yildagi ustuvor vazifalarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, amalga oshirilgan ishlar natijasida qattiq foydali qazilmalar bo‘yicha 42 ta istiqbolli maydon aniqlangan. Jumladan, oltin, mis, nodir metallar bo‘yicha yangi salohiyatli hududlar belgilangan.
[gallery-28322]
– Davlat dasturi doirasida jami 289 ta geologik loyiha amalga oshirilib, ularga 2,9 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shu doirada 3 million metr burg‘ilash ishlari, yer osti va yer usti tog‘-kon ishlari, shuningdek, 2D va 3D seysmik qidiruv ishlari bajarildi. Natijada neft va gazga istiqbolli 19 ta yangi maydonlar tayyorlandi hamda bir qator hududlarda gaz-kondensat konlari aniqlandi. Davlat zaxiralari komissiyasi tomonidan jami 50 ta foydali qazilmalar zaxiralari tasdiqlandi, shundan 33 tasi yangi ochilgan konlar hisoblanadi. Shu bilan birga, yer osti suvlari zaxirasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida qator hududlarda sutkasiga 180,4 ming metr kub qo‘shimcha suv zaxiralari aniqlandi. Bu esa 100 ming aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyatini yaratdi va qishloq xo‘jaligi yerlarini qayta o‘zlashtirishga xizmat qildi, – dedi U.Yusupov.
Tadbirda ta’kidlanganidek, 2025-yilda tog‘-kon sanoati korxonalari tomonidan jami 214,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shundan asosiy ulush qimmatbaho va rangli metallar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bo‘yicha oltin va kumush to‘liq bajarildi, 148,5 ming tonna mis, 9 million tonna ko‘mir qazib olindi. Yirik korxonalar kesimida “Navoiy KMK” AJ tomonidan 135,6 trillion , “Olmaliq KMK” AJ tomonidan 51,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. “Navoiyuran” davlat korxonasida 14,3 trilion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, yuqori o‘sish sur’atlari ta’minlandi. Shuningdek, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zbekkoo‘mir” AJ va boshqa korxonalarning ham belgilangan ko‘rsatkichlari bajarildi.
– Eksport ko‘rsatkichlari ham ijobiy dinamikani namoyon etdi, – deya ta’kidladi U.Yusupov. – Jami mahsulot va xizmatlar eksporti hajmi 1,7 milliard dollarni tashkil qilib, asosiy ulush uran, rangli va nodir metallar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, yangi bozorlarga chiqish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirildi. 2025-yilda umumiy qiymati 6,8 milliard dollarlik 37 ta loyiha doirasida 1 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Shuningdek, bir qator yirik loyihalar ishga tushirilib, yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi va yuzlab yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
Tadbirda joriy yilgi ustuvor vazifalar ham aytib o‘tildi. Unga ko‘ra, joriy yilda 275 ta geologik loyihaning amalga oshirilishi, qariyb 3,3 trillion so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi va burg‘ilash ishlari hajmi 3 million metrga yetkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2D va 3D seysmik qidiruv ishlari kengaytirilib, yangi istiqbolli maydonlar tayyorlanadi. Sanoat yo‘nalishida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 220,7 trillion so‘mga yetkaziladi. Eksport hajmi esa 1,8 milliard dollarga oshiriladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA