Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzurida Raqamli transformatsiya markazi tashkil etildi
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida sohani raqamli transformatsiya qilish hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda tarmoqni raqamlashtirishni yangi bosqichga olib chiqish, ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish, raqamli yechimlar hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov raqamli transformatsiya soha taraqqiyotining muhim omillaridan biri ekanini ta’kidladi.

Qayd etish kerakki, geologik ma’lumotlarni raqamlashtirish, ularni qayta ishlash va tahlil qilish tizimlarini takomillashtirish, geologiya-qidiruv ishlariga zamonaviy texnologiyalar hamda sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish soha samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Shu sababli, raqamli transformatsiyaning samarasi barcha korxona va tashkilotlarning hamjihatligi, zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini tatbiq etish va raqamli yechimlardan samarali foydalanishga bog‘liq.
Tadbirda vazirlik huzurida Raqamli transformatsiya markazi tashkil etilgani haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, jamoaga markaz rahbari O.Fayzullayev tanishtirildi. U bir vaqtning o‘zida vazir o‘rinbosari maqomida ham faoliyat yuritadi.

Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu Raqamli transformatsiya markazi sohani raqamli transformatsiya qilishga oid loyihalarni muvofiqlashtiradi, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etadi, raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi.
Yig‘ilish yakunida raqamli transformatsiya sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Shuningdek, vazirlik tizimida amalga oshirilayotgan loyihalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA