Tog‘-kon sanoatida raqamlashtirish va sun’iy intellekt loyihalari taqdim etildi
Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, ishlab chiqarish jarayonlariga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon esa sohada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ma’lumotlarni tahlil qilish va boshqaruv jarayonlarini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Kon-geologiya sohasida raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar” mavzusidagi seminarda sohada amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi. Unda Toshkent viloyati tumanlari hokimliklari hamda Toshkent shahar tumanlari hokimlarining sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etdi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova va boshqalar so‘zga chiqib, sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, sohada joriy etilayotgan ilg‘or yechimlarni hududlarda qo‘llash bo‘yicha metodik va amaliy ko‘mak ko‘rsatish muhim vazifalardan ekanini ta’kidladi.
Seminarda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan natijalar taqdim etildi. Xususan, sohada qo‘llanilayotgan raqamli tizimlar va ularning imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbir yakunida ishtirokchilarning savollari yuzasidan fikr almashilib, taqdim etilgan yechimlarni hududlarda joriy etish imkoniyatlari tahlil qilindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA