Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida nazorat mexanizmi kuchaytirilmoqda
Prezidentimizning tegishli farmoni bilan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzurida Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilgan.
Bugungi kunda ushbu sohani yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 2025 yil 28 fevralda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Inspeksiya bosh mutaxassisi Malika Mirjamolovaning ma’lum qilishicha, mazkur qaror xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari, konchilik, foydali qazilmalarni qayta ishlash, neft-gaz qazib olish, portlatish ishlari hamda portlovchi materiallar aylanmasi sohalarida tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.
–Xususan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Shuningdek, inspeksiya hamda uning Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi. Ushbu nizomlarda inspeksiyaning vazifalari, majburiyatlari va istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berildi. Yangi tartiblar yer qa’ridan foydalanish, konchilik va portlatish ishlari sohalarida normativ talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarining sanoat xavfsizligi ekspertizasi hamda texnogen xavfi yuqori ob’ektlar davlat kadastrlarini takomillashtirish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga xizmat qiladi, –dedi M.Mirjamolova.
Ahamiyatlisi, bu ishlar natijasida yer qa’ridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va bu borada manfaatdor idoralar hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni rivojlantirish, raqamli texnologiyalar va kosmik masofaviy monitoringni joriy etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi ham takomillashtiriladi.
Mazkur chora-tadbirlar tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida xavfsizlikni ta’minlash hamda samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etishda muhim ahamiyatga ega.
N.Ziyodullayeva, O‘zA