Tashqi ishlar vazirligida mamlakatimizdagi Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda vazirlik xodimlari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘qituvchi-professorlari, yurtimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar xususida muhokama olib bordi.
Xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaati, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotga mos yangi Konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirgani qayd etildi.
O‘tgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida tub o‘zgarish ro‘y berdi. Bu esa Bosh Qomusimizda “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilini mustahkamlash, islohot jarayonida inson manfaati bosh mezon bo‘lishini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligi, yerga egalik qilish huquqi, fuqarolik jamiyati institutlari o‘rnini Konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini takomillashtirish dolzarbligini ko‘rsatyapti.
Anjumanda Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan aholi fikr va takliflarini qabul qilish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Natijada, yurtimizda olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarda nafaqat olimlar, huquqshunoslar, mutaxassislar, balki fuqarolarning o‘zi ham bevosita ishtirok etmoqda.
A.Saidov xalqimiz tomonidan berilgan takliflar, shuningdek, davlatimiz rahbarining komissiya a’zolari bilan uchrashuvida “inson qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohada birinchi o‘rinda turishi kerak” degan tamoyil asosida berilgan takliflardan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlanganini ta’kidladi.
Qonun loyihasi konstitutsiyamizning oltmishdan ortiq moddalariga ikki yuzdan ortiq tuzatishlarni nazarda tutmoqda. Konstitutsiyaga o‘zgartishlar “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy Konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi, amaldagi konstitutsiyaning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartishlar kiritishni anglatadi.
Ushbu tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamiga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarga aylanishiga ishonch bildirildi.
O‘zbekiston huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat ekani belgilab qo‘yilmoqda. “Inson hamda fuqaro huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi” ekani alohida tushuntirilmoqda.
Komissiya raisi kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar avvalo “Inson qadri uchun” degan tamoyilni ro‘yobga chiqarishga qaratilganiga e’tiborini qaratdi.
25 iyundan 5 iyulga qadar davom etadigan umumxalq muhokamasi natijasi umumlashtirilib, qonun loyihasi yanada takomillashtiriladi. Uchinchi bosqich sifatida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yiladi.
bugungi kunda minglab fuqaromiz, nuroniy va yoshlarimiz, turli millat vakillari, o‘qituvchi, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, umuman mintaqamiz taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz o‘z takliflarini yuborishda davom etmoqda.
Boisi, har bir inson ushbu hujjatni meniki, mening Konstitutsiyam deyishi, unda o‘zini, oilasini, mahallasini, jamiyat va davlatni yillar davomida bezovta qilib kelgan muammolarni yechimini unda ko‘rishi muhim.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA