Tibbiyot xodimlari sport maydonida
Guliston shahridagi Paralimpiyaga ixtisoslashtirilgan sport maktabida “Sog‘lom tanda — sifatli tibbiyot” shiori ostida tibbiyot xodimlari o‘rtasida keng ko‘lamli sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish hamda tibbiyot sohasi xodimlari o‘rtasida jamoaviylik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratildi.
Musobaqa O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Sirdaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan, viloyat sog‘liqni saqlash, sport va yoshlar ishlari boshqarmalari hamkorligida tashkil etildi. Unda viloyatning 11 tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 300 nafardan ziyod tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Sirdaryo viloyat kengashi raisi Rustam Tursunmurodov mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga qaratilgan izchil islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi. U, jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport tadbirlari yoshlar va aholi faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi.
[gallery-28978]
Musobaqa davomida ishtirokchilar sportning voleybol, mini futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar. Bellashuvlar yuqori kayfiyat va keskin raqobat ruhida o‘tib, har bir jamoa g‘alaba uchun bor imkoniyatini ishga soldi.
Ayniqsa, ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka musobaqalari shiddatli tus oldi. Raqib jamoalar bor kuch va imkoniyatini ishga solib, nafaqat tibbiyot sohasida, balki oilada va sport sohasida ham tengsiz va peshqadam ekanliklarini namoyon etishdi. Ularni kuzatib borgan hakamlar uchun baholash jarayoni oson kechmadi.
Bellashuvlar tom ma’noda sport bayramiga aylanib, ishtirokchilarning chidam, mahorat va irodasi katta sinovdan o‘tdi. Eng asosiysi, tashkilotchilar tomonidan belgilangan kubok, pul mukofoti, diplom va esdalik sovg‘alarini qo‘lga kiritish oson kechmadi.
Maydonlarda har bir ball, har bir gol va har bir yutib olingan partiya katta mehnat va tayyorgarlik samarasi sifatida namoyon bo‘ldi. Jamoalar o‘zaro keskin raqobat muhitida o‘z imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, g‘alaba uchun oxirigacha kurashdilar.
Natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filiali jamoasi barcha raqiblarini ortda qoldirib, 1-o‘rinni egalladi va “Kasaba uyushmalari kubogi” sohibi bo‘ldi. Shuningdek, jamoa 30 million so‘mlik pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi hamda Xovos tuman tibbiyot birlashmasi jamoalari esa 2 va 3-o‘rinni egallab o‘zlarining tengsizliklarini isbotlashdi. Bundan tashqari, har bir sport turi bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Yakunda g‘oliblar, sovrindorlar tashkilotchilarning diplomlari va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA