Tibbiyot klasteri: onkologiya markazini barpo etish loyihasining navbatdagi bosqichlari muhokama qilindi
Poytaxtimizda Koreya Eksimbanki bilan hamkorlikda barpo etilayotgan keng ko‘lamli tibbiyot klasteri yana bir muhim yirik ob’ekt bilan boyiydigan bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilovning Koreyaning «AUM & LEE Architects & Associates» kompaniyasi vitse-prezidenti Li Von Seok bilan uchrashuvida bu borada kelishuvga erishildi.
Aniqroq aytganda, muloqot chog‘ida tomonlar yangi 265 o‘rinli onkologiya markazini barpo etish loyihasining navbatdagi bosqichlarini atroflicha muhokama qilib, yakunda konsultantlik xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tegishli shartnomaga qo‘l qo‘ydi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur majmua Toshkent shahrida tashkil etilayotgan zamonaviy tibbiyot klasterining eng asosiy va muhim ob’ektlaridan biri sanaladi.
Vazir o‘z navbatida, bu kabi hamkorlik aloqalari har ikki tomon uchun ham birdek manfaatli bo‘lishiga ishonch bildirib, Markazni yuqori sifatda barpo etish juda muhimligini ta’kidladi, Koreya tomonining boy tajribasi va yuqori ish sifatiga ishonch bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida keltirilishicha, «AUM & LEE» konsorsiumi loyihalash, qurilish jarayonlarini boshqarish va qat’iy nazorat qilish, zamonaviy tibbiy uskunalarni tanlash, shuningdek, markazning tibbiy xizmatlari hamda axborot tizimini rejalashtirish kabi qator yo‘nalishlarda yaqindan konsultantlik qiladi.
Qolaversa, loyiha doirasida markaz xodimlari uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati, radiologiya, yadro tibbiyoti va nur terapiyasi sohalarida maxsus uch bosqichli amaliy o‘quvlar o‘tkazilishi ham nazarda tutilgan.
M.Qosimova,
O‘zA