Tibbiyot markazining yangi kompleksi barpo etiladi
Toshkent shahar Olmazor tumani Shifokorlar ko‘chasidagi Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazining yangi kompleksi barpo etilmoqda. Shuningdek, markaz hamda uning poytaxt va Toshkent viloyatidagi filiallari yagona unikal kompleksga birlashadi.
Yangi kompleks tarkibiga Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, markazning poytaxt filiali hamda Toshkent viloyati filiali kiradi.
Shunga ko‘ra, tegishli hukumat qaroriga muvofiq, shifoxonalarning mavjud bino-inshootlari hududi yangi kompleksni qurish xarajatlarini qoplash uchun “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali elektron-onlayn auksionga qo‘yilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, yangi kompleks 2023 yilning may oyida ishga tushirilishi kutilmoqda.
Yangi kompleks ishga tushganidan so‘ng ikki oy davomida muassasalardagi bemorlar va zarur uskunalarni ko‘chirish ishlari olib boriladi. Sotuv auksionida g‘olib bo‘lgan tadbirkorga yangi kompleksga ko‘chish ishlari to‘liq amalga oshmaguncha ikki oygacha bu yerda hech qanday ishlarni boshlamasligi majburiyati yuklanadi.

Yangi kompleksda 17 ta yangi klinik bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, mamlakatimizda ilk bor suyak ko‘migi transplantatsiyasi bo‘limi ochiladi.
Markazda 16 ta reanimatsion va operatsion xonalar eng so‘nggi texnologiyalar bilan ta’minlanadi. Intensiv terapiya bo‘limi yurak monitorlari, o‘pkani sun’iy shamollatish moslamalari va boshqalar bilan jihozlangan konsolli funksional yotoqlarga ega bo‘ladi.
Turli tibbiyot muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 5 ta onkologiya kafedrasi birlashib, yagona metodik markazga aylanadi. Ilk bor yadro tibbiyoti kafedrasi tashkil etiladi.

Kompleksda 9 ta bunkerdan iborat radioterapiya arsenali ishga tushiriladi. Birida to‘xtalishlar yuz bergan taqdirda ham boshqalari uning o‘rnini to‘ldirishi natijasida davo muolajasi uzluksizligi ta’minlanadi.
Boshqaruv jarayoniga turk va koreys mutaxassislari tavsiyalari va tajribasi asosida zamonaviy menejment tizimi joriy etiladi. Muassasa ishga tushganga qadar 100 nafardan mutaxassis Koreya Respublikasi va Turkiyada malaka oshiradi hamda ushbu kompleksni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash maqsadida 80 million AQSH dollari ajratilgan.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA