Davlatimiz rahbarining 2024 yil 28 fevraldagi “O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 2025 yil 29 yanvardagi “Byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligini raqamli transformatsiya qilish sohasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi ishga tushirildi va Agentlik qoshidagi Maxsus situatsion markazi ochildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi agentlik faoliyatining barcha yo‘nalishlarini — standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlash, akkreditatsiya va davlat nazorati — qamrab oladi va barcha jarayonlarni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish orqali qog‘oz hujjat aylanmasidan voz kechishga xizmat qiladi.

Tizim 12 ta funksional moduldan iborat. U Bojxona qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi, Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) kabi davlat platformalari bilan integratsiya qilingan. Bu esa arizalar holatini real vaqt rejimida kuzatish, inson omilini kamaytirish va barcha jarayonlarda shaffoflikni ta’minlash imkonini beradi.

Shu bilan birga, Maxsus situatsion markaz faoliyati boshlanadi. U “Texnik tartibga solish” axborot tizimi ekotizimini doimiy monitoring qilish vazifalarini bajaradi. Shuningdek, sohadagi xatarlar va muammolarni aniqlash va tahlil qilish, qonunbuzarliklarni tezkor aniqlash va qarorlar qabul qilish, 24/7 rejimda tizimni samarali boshqarish imkonini beradi.

Ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi O‘zbekistonda xalqaro sifat standartlariga erishish, global maydonda mamlakat nufuzini oshirishga xizmat qiladi. Qolaversa, Koreya Respublikasi kabi xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA