Texnik tartibga solish tizimi takomillashtiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan mahsulotlarning muvofiqlikni baholash tizimini takomillashtirish, standartlarni ixtiyoriy qo‘llash amaliyotini kengaytirish, metrologiya sohasini xalqaro talablar asosida qayta tashkil etish hamda akkreditatsiya organlari faoliyati mustaqilligini kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlari talablari bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Loyihaga muvofiq, amaldagi qator qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ko‘zda tutilmoqda. Texnik reglamentlar orqali mahsulot xavfsizligini ta’minlashning yangi mexanizmlari joriy etilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, davlat tomonidan majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladigan mahsulotlarga oid ayrim normalarni bekor qilish va standartlarni ixtiyoriy qo‘llash amaliyotini kengaytirish nazarda tutilmoqda.
Metrologiya sohasida esa o‘lchash vositalarini kalibrlash tizimini keng joriy etish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan yangi tartiblar joriy etilishi belgilanyapti. Shu bilan birga, akkreditatsiya tizimida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, uning shaffofligini ta’minlash va xalqaro standartlarga muvofiqligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasi texnik jihatdan tartibga solish sohasini xalqaro talablarga moslashtirish, davlat nazoratini optimallashtirish, innovatsiyalarni joriy etish sur’atlarini oshirish hamda milliy mahsulotlar eksportini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA