"Tesla"ga Yevropa yo‘llarida “yolg‘iz” yurishga ruxsat beriladi(mi)?
"Tesla" kompaniyasi Yevropada “Full Self-Driving” — haydovchi nazorati ostida avtomobil boshqaruvini avtomatlashtiruvchi tizimga to‘liq ruxsat olish uchun regulyatorlarga bosimni kuchaytirmoqda. Kompaniya texnologiyani xavfsizlikni oshiruvchi vosita sifatida targ‘ib qilmoqda, ammo mustaqil ekspertlar keltirilayotgan dalillar bunday xulosani tasdiqlamasligini aytmoqda.
“Tesla” Niderlandiyada muhim ruxsatni olgan va bu qaror Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlaridagi jarayonga yo‘l ochgan. Kompaniya o‘z tadqiqotlarida FSD qo‘llangan avtomobillarni oddiy haydovchilar boshqaradigan mashinalar bilan taqqoslagan, ammo ekspertlar ma’lumotlar avtohalokatlar xavfini ishonchli baholash uchun yetarli emasligini bildirgan.
Ta’kidlanishicha, “Tesla” keskin tormozlash, tezlashish, burilish chiroqlaridan foydalanish kabi harakatlarni mezon sifatida olgan.
Amerikalik tadbirkor Ilon Mask Yevropa regulyatorlarini ortiqcha byurokratiyada ayblab, “Tesla” tarafdorlarini tezroq ruxsat berishga chaqirgan. “Reuters” nashri o‘rgangan hujjatlarga ko‘ra, Niderlandiya regulyatori kompaniyaning tekshiruv ko‘lami va sinov usullari bo‘yicha bir qator talablariga yon bergan. Xavfsizlik mutaxassislari FSD inson hayotini saqlab qolishini isbotlovchi ishonchli dalil hali yo‘qligini ta’kidlamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA