Termizda “Surxondaryo – Xitoy” xalqaro forumi o‘tkaziladi
Joriy yilning 14-16-avgust kunlari “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida ilk marta bo‘lib o‘tadigan “Surxondaryo – Xitoy” investitsiya forumiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Mingdan ortiq xorijiy va mahalliy tadbirkor qatnashishi kutilayotgan forumda Xitoyning 289 ta kompaniyasi vakillari ishtirok etishi mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, anjumanga qo‘shni Afg‘oniston davlatidan ham ellikdan ziyod tadbirkor taklif etilgan.
Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, forum doirasida Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirish uchun istiqbolli va tashabbusli sarmoya loyihalari ro‘yxati shakllantirilgan. Umumiy qiymati 1,2 milliard dollar bo‘lgan 10 ta investitsiya va turizm loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan.
Jumladan, Sariosiyo tumanida “Sinosteel Equipment Co., Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlikda ko‘mirni kimyoviy qayta ishlash, Termiz tumanida “Qingdao Wanlinkang Healthcare Industry Group” kompaniyasi ishtirokida “Aquapark” turizm loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, “Daqing Deep Aureus International Energy Development Co., Ltd.” kompaniyasi bilan neft va gaz manbalarini qidirish hamda qazib chiqarish, energetika loyihalarini rivojlantirish, “China Railway Construction Corporation Limited” kompaniyasi bilan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
“Anhui Fengyuan Equipment Technology Co., Ltd.” kompaniyasi bilan esa Termiz shahrida avtomobilsozlik, robototexnika va avtomatlashtirish, innovatsion texnologiyalar, xizmat ko‘rsatish hamda mexanik ishlov berish yo‘nalishlarini qamrab olgan, Xitoy tajribasi asosidagi kasb-hunar maktabini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilish ko‘zda tutilmoqda.
Forum doirasida “B2B”, “B2G” va “G2G” shaklidagi uchrashuvlar ham tashkil etiladi.
Tashrif buyuruvchilarga vohaning tog‘-kon sanoatidagi salohiyati taqdim etiladi. Shuningdek, “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi, Hakim Termiziy majmuasi, “Fayoztepa” va “Qoratepa” kabi buddaviylik yodgorliklari, Termiz arxeologiya muzeyi bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.
Mehmonlar uchun milliy hunarmandlik va rassomlik ko‘rgazmalari, shuningdek, boshqa madaniy tadbirlar ham tashkil etiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri