“O‘zbekiston (Surxondaryo)-Xitoy” xalqaro forumi ishtirokchilari Termizda
Joriy yilning 14-16-avgust kunlari “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida ilk marta “O‘zbekiston (Surxondaryo)-Xitoy” xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi. Bugun Termiz xalqaro aeroportida xalqaro forum ishtirokchilari tantanali kutib olindi.
Manbalarda Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida joylashgan Termiz o‘tmishdan yirik savdo, madaniy va sivilizatsiya markazi sifatida tanilgani qayd etilgan. Strategik joylashuvi tufayli Buyuk Ipak Yo‘li paydo bo‘lishidan oldin ham dunyoning muhim transport nuqtasi bo‘lgan. Qadimgi Surxondaryoning Xitoy bilan aloqalari Buyuk Ipak yo‘li orqali miloddan avvalgi II asrdan faollashgan. Bu davrda savdo-sotiq, buddaviylik va madaniyat almashinuvi rivojlangan. Xitoydan Surxondaryoga xom ipak va qimmatbaho ipak matolari keltirilgan. Xitoyga shisha buyumlar, zeb-ziynatlar va qimmatbaho toshlar yuborilgan. Arxeologlar bu yerda ikki sivilizatsiya mahsulotlari o‘zaro uyg‘unlashganini aniqlagan.

Keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi yuksak ishonch, siyosiy iroda, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalari, strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichda bo‘y ko‘rsatdi. Termizda bo‘lib o‘tayotgan yirik anjuman ham Surxondaryoning Xitoy hududlari va ishbilarmon doiralari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada kengaytirishda muhim muloqot maydoni vazifasini o‘taydi.

Xitoydan 300 ga yaqin mehmon ishtirok etayotgan forumga qo‘shni Afg‘oniston davlatidan ham tadbirkorlar taklif etilgan. Bu ham anjumanning jozibadorligini oshiradi.
Forum doirasida ishtirokchilar Hakim Termiziy majmuasi, Fayoztepa va Qoratepa buddizm yodgorliklarida bo‘ldi. Mintaqamizda yagona Termiz arxeologiya muzeyi bilan tanishdi. Termiz muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida viloyatning tog‘-kon sanoati yo‘nalishidagi mavjud imkoniyatlar taqdimoti o‘tkazildi.

Nufuzli anjuman oldidan Surxondaryo viloyatida Xitoy kompaniyalari bilan qiymati 1,2 milliard dollarlik sanoat, neft-gaz, energetika, qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, robototexnika va avtomatizatsiya, innovatsion texnologiyalar, xizmat ko‘rsatish, mexanik ishlov berish sohalarini qamrab olgan “Xitoy tajribasi” asosidagi kasb-hunar maktabini ochish, turizm kabi yo‘nalishlarda investitsion loyihalar ishlab chiqildi.

Forumning tantanali ochilish marosimi ertaga “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida bo‘lib o‘tadi. “Boqiy shahar” majmuasida bugun kechki payt viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov nomidan rasmiy qabul va madaniy tadbir tashkil etiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri