Termizda afg‘on fuqarolari kasb-hunarga o‘qitilib, bandligi ta’minlanmoqda
Termiz tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorligida amalga oshirilgan “Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbiy tayyorlash bo‘yicha Surxondaryo viloyatining salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida bajarilgan ishlarga bag‘ishlangan tantanali marosim va karera festivali bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro va ish beruvchi tashkilotlar, afg‘on diasporasi vakillari, loyiha hamkorlari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Oybek Ashurov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi Toivo Klaar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili Akiko Fujii va boshqalar qo‘shni Afg‘oniston fuqarolariga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi. Prezidentimiz tashabbusi mintaqadagi barcha davlatlar, shu jumladan, Afg‘oniston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga alohida ahamiyat berilayotgani qayd etildi. O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida ishga tushirilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi ham mintaqamizda savdo aloqalarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim platformaga aylangani, shuningdek, yon qo‘shni davlat fuqarolarining savdo-sotiq qilishlari, ta’lim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishlari uchun barcha sharoit yaratilgani ta’kidlandi. Yevropa Ittifoqi moliyalashtirgan “Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbiy tayyorlash bo‘yicha Surxondaryo viloyatining salohiyatini oshirish” loyihasi mintaqada afg‘on fuqarolarining ta’lim olishi, kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi va ijtimoiy-iqtisodiy moslashuvini ta’minlashda yaxshi samaralar berayotgani xususida fikr almashdi.

Yevropa Ittifoqi mablag‘i hisobidan moliyalashtirilib, BMTning Taraqqiyot Dasturi hamkorligida amalga oshirilgan loyihaga ikki million dollar ajratilib, maqsadli va shaffof sarflandi. Bosqichma-bosqich yondashuv asosida ta’limdan bandlikka olib boruvchi uzluksiz zanjir yaratildi.

Afg‘oniston fuqarolarining oliy va texnik-kasbiy ta’limda tahsil olishi moliyaviy qo‘llab-quvvatlanib, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 136 nafar afg‘on fuqarosining to‘lov-kontrakt va stipendiya xarajatlari qoplandi. Texnik va kasbiy ta’lim, qisqa va o‘rta muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi. Ta’lim markazining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, 29 o‘rindiqli avtobus, serverlar, kompyuterlar va boshqa texnik jihozlar bilan ta’minlandi. Konferensiya xonasi va kovorking markazi tashkil etilib, zamonaviy multimedia vositalari bilan jihozlandi. Bitiruvchilarni iqtisodiy faollikka jalb etish uchun tadbirkorlikni rivojlantirish kurslari va vaucher (mini-grant) mexanizmi joriy qilindi. 600 dan ortiq afg‘on fuqarosi texnik va kasbiy ta’lim kurslarida o‘qitildi.

Biznesni boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha o‘quv kurslari yakunlari asosida biznes loyihalarini ishlab chiqib, belgilangan baholash mezonlariga muvofiq ijobiy natija ko‘rsatgan 30 nafar ishtirokchining har biriga ikki ming dollardan vaucher (mini-grant) ajratildi. Mazkur moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi ishtirokchilarning ishlab chiqilgan biznes g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish, kichik tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda o‘zini-o‘zi band qilishini ta’minlashga qaratildi. Vaucher mablag‘lari asosan ishlab chiqarish vositalari va asbob-uskunalar xaridi, xomashyo ta’minoti hamda boshlang‘ich faoliyat bilan bog‘liq zarur ehtiyojlarni qoplashga yo‘naltirildi.

Loyiha doirasida tashkil etilgan ochiq tanlov asosida mahalliy aholi va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun 39 nafar ishtirokchining har biriga to‘rt ming dollargacha bo‘lgan grant mablag‘lari ajratildi. Bu dasturda loyiha o‘quv kurslari ishtirokchilari bilan birga istiqbolli biznes g‘oyasiga ega boshqa tashabbuskor afg‘on fuqarolari ham ishtirok etdi. Grant mablag‘lari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun zarur bo‘lgan uskuna hamda vositalarni xarid qilishga yo‘naltirildi.

– Markazning o‘quv kursida tikuvchilik yo‘nalishida o‘qib, kasb sirlarini yanada chuqur o‘rgandim, – deydi Do‘stmuhammad Polvashod. – Grant mablag‘ini qo‘lga kiritib, zamonaviy tikuv uskunalari xarid qildim. Hozir Termiz shahrida o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yib, buyurtmachilarga turli kiyim-kechak tikib beryapman. Daromadim yaxshi. Tinch, to‘kin yashayapmiz.
Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi afg‘on fuqarolarining yangi biznes tashabbuslarini shakllantirib, mavjud faoliyatlarini kengaytirdi. Qo‘shimcha ish o‘rinlari va barqaror daromad manbalari yaratildi. Ta’limdan bandlikka o‘tishning barqaror modeli yuzaga keldi.

Tadbirda loyiha doirasida erishilgan natijalar taqdimoti o‘tkazildi. Loyiha ishtirokchilari va bitiruvchilar bilan muloqot qilinib, bandlik va tadbirkorlikni rivojlantirishdagi kelgusi rejalari muhokama etildi. Afg‘on bitiruvchilarining ishlab chiqargan mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Loyihaning navbatdagi bosqichini boshlash masalalari va kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.

Karera festivalida ishtirokchilar ish beruvchilar, biznes vakillari va loyiha hamkorlari bilan uchrashib, yangi ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari va tadbirkorlik imkoniyatlari haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘ldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri