Temuriylar tarixi davlat muzeyi 30 yoshda(+video)
2026-yil 15-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi hamda muzey tashkil topganining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Temuriylar merosi — milliy iftixor va umumbashariy qadriyat”mavzusida ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida “Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi. Unda olimlar, tarixchilar, tadqiqotchilar hamda ilmiy va madaniy muassasalar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada Temuriylar davrining ilmiy-madaniy muhiti, tarixiy manbalari, davlat boshqaruvi, tibbiyot maskanlari va yozma merosiga oid masalalar muhokama qilindi. Ma’ruzalarda Amir Temur saltanati tarixi, Hirotning ilmiy-madaniy muhiti, Alisher Navoiy ijodiga oid qo‘lyozmalar hamda muzey fondida saqlanayotgan tarixiy hujjatlarning ilmiy ahamiyati yoritildi.
Tadbir davomida muzeyning 30 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan “Sohibqiron tarixini jamlagan muzey” nomli foto ko‘rgazma namoyish etildi. Unda muzeyning tashkil topishi, rivojlanish bosqichlari hamda tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi faoliyati aks ettirildi. Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va taraqqiyot jarayonlariga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston shukuhi” foto ko‘rgazmasi ham ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Konferensiya qatnashchilari Temuriylar tarixi davlat muzeyining yangilangan ekspozitsiyasi bilan tanishib, davrning siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy hayotini aks ettiruvchi tarixiy eksponatlarni tomosha qildilar.
Milliy amaliy san’at an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirish maqsadida “Buxoro zardo‘zlik san’ati: milliy meros va zamonaviy ijodiy yondashuv” mavzusida mahorat darsi ham o‘tkazildi. Unda zardo‘zlik san’atining o‘ziga xos xususiyatlari, an’anaviy bezak usullari va zamonaviy ijod bilan uyg‘unligi namoyish etildi.
Mazkur ilmiy-ma’rifiy tadbir Amir Temur va Temuriylar davrining boy tarixiy-madaniy merosini chuqur o‘rganish, uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini keng targ‘ib etish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda tarixiy xotirani mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mehrojiddin Umurzakov, Oybek Davronov, Iskandar Ismatov, O‘zA