Temuriylar merosi – umumbashariy qadriyat
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi hamda mazkur nufuzli muassasa tashkil topganining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Mamlakatimizning yetakchi olimlari, tarixchilar, muzeyshunoslar, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etgan mazkur anjuman mamlakatimizda tarixiy merosni ilmiy asosda chuqur o‘rganish, jahon sivilizatsiyasiga qo‘shilgan beqiyos hissani targ‘ib etish hamda yosh avlod qalbida milliy iftixor tuyg‘usini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Qayd etilganidek, Sohibqiron Amir Temur asos solgan buyuk saltanat nafaqat siyosiy va harbiy qudrati, balki madaniyat, ilm-fan va ma’rifat yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan davr sifatida jahon tamadduni tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Bu davrda sharqona an’analar va ilg‘or ilmiy qarashlar uyg‘unlashib, astronomiya, matematika, tibbiyot, adabiyot, me’morchilik va tasviriy san’at sohalarida mislsiz kashfiyotlar qilingan. Mirzo Ulug‘bekning ilmiy maktabi, Qozizoda Rumiy kabi daholarning faoliyati hamda mashhur rasadxonaning barpo etilishi insoniyat ilmiy tafakkuri rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi.

Shuningdek, temuriylar davrida bunyod etilgan muhtasham obidalar, madrasayu kutubxonalar o‘sha davrning yuksak ma’naviy salohiyati va bunyodkorlik ruhidan dalolat beradi. Amir Temur va temuriy shahzodalar tomonidan ilm ahliga ko‘rsatilgan yuksak g‘amxo‘rlik, turli o‘lkalardan eng mahoratli olimlar, shoirlar va hunarmandlarning poytaxtga jalb etilishi Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab nafaqat savdo-sotiq, balki g‘oyalar, fan va madaniyat almashinuvining mislsiz faollashuviga olib keldi. Bu esa, o‘z navbatida Sharq va G‘arb sivilizatsiyalarining o‘zaro yaqinlashuviga mustahkam ko‘prik vazifasini o‘tadi.
Bugungi kunda ushbu bebaho tarixiy merosni ilmiy asosda chuqur o‘rganish, uning umumbashariy ahamiyatini ochib berish va yosh avlodga yetkazish muhim vazifalardan biridir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida ajdodlar qoldirgan boy ma’naviy xazinaga murojaat qilinishi bejiz emas. Zero, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda temuriylar davrining buyuk bunyodkorlik g‘oyalari, ilm-fanga intilish va vatanparvarlik an’analari bugungi kun yoshlari uchun ham kuchli ma’naviy madad va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilayotir.

Konferensiya ishi keng qamrovli yo‘nalishlar bo‘yicha to‘rtta sho‘’baga bo‘lingan holda olib borildi. Xususan, birinchi sho‘’bada temuriylar davri yozma manbalarini ilmiy jihatdan tadqiq etish, manbashunoslik va tarixshunoslikka oid dolzarb masalalar chuqur tahlil qilingan bo‘lsa, keyingi sho‘’balarda davr ilm-fani, madaniyati va san’ati taraqqiyoti, shuningdek, davlat boshqaruvi, xalqaro siyosat, harbiy san’at hamda madaniy merosni asrab-avaylash, raqamlashtirish va ommalashtirishning zamonaviy usullari keng muhokama qilindi.
Yubiley sanasi doirasida muzeyda tashkil etilgan qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar anjuman mazmunini yanada boyitdi. Xususan, mehmonlar e’tiboriga havola etilgan “Sohibqiron tarixini jamlagan muzey” hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligidagi “Yangi O‘zbekiston shukuhi” fotoko‘rgazmalari tarixiy o‘tmish va bugungi taraqqiyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yaqqol namoyon etdi.
Shu bilan birga, hunarmand Gulnora Azimova ishtirokida tashkil etilgan “Buxoro zardo‘zlik san’ati: milliy meros va zamonaviy ijodiy yondashuv” mavzusidagi mahorat darsi va muzeyning yangilangan boy ekspozitsiyasi bilan tanishuv tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA