Tekshiruvlar natijasida qo‘shimcha 653,7 milliard so‘m soliq hisoblandi
So‘nggi yillarda soliq ma’muriyatchiligida raqamlashtirish jarayonlarining jadal rivojlanishi nazorat tizimini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ayniqsa, tekshiruvdan oldingi tahlil amaliyoti tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatidagi xatolarni erta aniqlash, ularni tekshiruvlarsiz bartaraf etish hamda soliq intizomini mustahkamlashda muhim vositaga aylanmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, byudjet tushumlarini oshirish bilan birga, tadbirkorlar uchun ortiqcha ma’muriy yuklamalarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida amalga oshirilgan tekshiruvdan oldingi tahlillar soliq ma’muriyatchiligida yangi yondashuv samara berayotganini ko‘rsatdi. Ushbu davr mobaynida 34 ming 295 ta korxona tomonidan qayta hisobotlar taqdim etildi va natijada 653,7 milliard so‘m qo‘shimcha soliqlar hisoblandi.
Tekshiruvdan oldingi tahlillar soliq organlari tomonidan raqamli ma’lumotlar asosida amalga oshirilib, korxonalar faoliyatidagi ehtimoliy xatolar va kamchiliklarni aniqlashga xizmat qiladi. Muhimi, bu jarayon tadbirkorlarga soliq tekshiruvisiz kamchiliklarni mustaqil ravishda bartaraf etish imkonini bermoqda.

Tahlil natijalariga ko‘ra, quyidagi sohalarda katta tafovutlar kuzatildi: umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi — 268 milliard so‘m, ishlab chiqarish sohasi — 200 milliard so‘m, qurilish sohasi — 119,3 milliard so‘m, transport sohasi — 34,2 milliard so‘m hamda qishloq xo‘jaligi sohasi — 22,6 milliard so‘m tafovut kuzatildi.
Mazkur ko‘rsatkichlar, ayniqsa savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida soliq hisobotlarini yuritishda kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarish va qurilish sohalarida ham soliq hisobotlarini takomillashtirish zarurati saqlanib qolmoqda.
So‘nggi yillarda soliq ma’muriyatchiligida raqamlashtirish jarayonlarining keng joriy etilishi tekshiruvdan oldingi tahlillar samaradorligini yanada oshirdi. Elektron hisobotlar, onlayn ma’lumotlar almashinuvi va avtomatlashtirilgan tahlil tizimlari orqali soliq hisobotlaridagi nomutanosibliklar tezkor aniqlanmoqda. Bu esa tekshiruvlar sonini kamaytirish, tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish, soliq intizomini mustahkamlash va byudjet tushumlarini oshirishga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA