TDYUU dunyoning TOP-500 talik universitetlari qatoriga kirdi
Toshkent davlat yuridik universitetida Buyuk Britaniyaning nufuzli Times Higher Education (THE) xalqaro reyting tashkiloti tomonidan e’lon qilingan “THE Sustainability Impact Rankings 2026” natijalariga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Adliya vazirligi vakillari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur reyting natijalari mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish, barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish borasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy samarasidir.
Qayd etilishicha, “THE Sustainability Impact Rankings 2026” loyihasi natijalariga ko‘ra, Toshkent davlat yuridik universiteti jahonning 1603 ta oliy ta’lim muassasasi orasida 401-o‘rinni egallab, dunyoning TOP-500 talik universitetlari qatoriga kirdi. Bu esa universitetning xalqaro reytinglardagi eng yuqori natijalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Tadbirda universitetning barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi alohida ko‘rsatkichlari haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, SDG 4 – “Sifatli ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha universitet 101–200-o‘rinni egallab, o‘tgan yilgi natijaga nisbatan qariyb 200 pog‘ona yuqoriladi va mazkur yo‘nalishda jahonning eng yaxshi 200 ta oliy ta’lim muassasasi safidan o‘rin oldi.
Shuningdek, SDG 5 – “Gender tengligi” hamda SDG 8 – “Munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish” yo‘nalishlari bo‘yicha 101–200-o‘rin, SDG 16 – “Tinchlik, adolat va samarali boshqaruv” yo‘nalishi bo‘yicha esa 201–300-o‘rin qayd etilgani ma’lum qilindi.
Ta’kidlanganidek, erishilgan natijalar universitetda ta’lim sifatini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, o‘quv dasturlarini zamonaviy yondashuvlar asosida yangilash, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim tizimini rivojlantirish, xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb etish hamda ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar samarasidir.
Ishtirokchilar mamlakatning bazaviy yuridik oliy ta’lim muassasasi sifatida universitetning SDG 16 – “Tinchlik, adolat va samarali boshqaruv” yo‘nalishida yuqori natijaga erishganini alohida e’tirof etdi. Mazkur ko‘rsatkich huquq ustuvorligini ta’minlash, demokratik institutlarni rivojlantirish, aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan ishlar xalqaro miqyosda munosib baholanayotganini anglatadi.
[gallery-30221]
Tadbirda so‘z olganlar universitet jamoasini erishgan muvaffaqiyati bilan tabriklab, bunday natijalar mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining jahon ta’lim makonidagi raqobatbardoshligini oshirish, milliy ta’lim brendini xalqaro miqyosda mustahkamlash hamda yoshlarning ilm-fan va innovatsiyalar sohasida yangi marralarni zabt etishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti dunyoning TOP-500 talik universitetlari qatoriga kirishi muassasa jamoasining izchil mehnati, ta’lim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlarning xalqaro e’tirofidir. Bu esa kelgusida milliy oliy ta’limning jahon ta’lim makonidagi nufuzini yanada mustahkamlash, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash va yangi yutuqlarni qo‘lga kiritish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA