Taxmina Ikromova jahon chempionatida yangi tarix yaratishga tayyor
Taxmina Ikromova Germaniyaning Frankfurt shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha jahon chempionatining yakkalik dasturida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Joriy yil 12–16-avgust kunlari Germaniyaning Frankfurt shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi. Dunyoning turli mamlakatlaridan 350 ga yaqin sportchi ishtirok etadigan mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi ham o‘z vakillari bilan qatnashadi. “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga dastlabki litsenziyalar uchun muhim bosqich sifatida baholanayotgan chempionatda Taxmina Ikromova yurtimiz sharafini yakkalik dasturida himoya qiladi.
O‘zbekiston badiiy gimnastikasi so‘nggi yillarda xalqaro maydonda o‘z mavqeini sezilarli darajada mustahkamladi. Bunda Taxmina Ikromovaning natijalari alohida o‘rin tutadi. 2004-yil 6-avgustda tavallud topgan sportchi besh yoshidan badiiy gimnastika bilan shug‘ullanib, o‘smirlar musobaqalaridan kattalar o‘rtasidagi eng nufuzli turnirlargacha bo‘lgan murakkab yo‘lni bosib o‘tdi.
Jumladan, T.Ikromova xalqaro maydondagi dastlabki yirik natijalariga 2017-yilda erishdi. U Ostonada o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ko‘pkurashda kumush, halqa, to‘p va tasma dasturlarida oltin medallarni qo‘lga kiritdi. 2019-yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida esa ko‘pkurashda kumush va klublar dasturida oltin medalni qo‘lga kiritib, ulkan maqsadlar sari katta sportga qadam qo‘ydi.

Gimnastikachimiz 2021-yildan boshlab kattalar o‘rtasidagi xalqaro musobaqalarda ishtirokini boshladi. Toshkentdagi Osiyo chempionatida ko‘pkurashda kumush, halqada oltin, klublar va tasmada mashq bajarishda kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Bu natijalar uni Osiyo qit’asidagi yetakchi gimnastikachilar qatoriga olib chiqdi. 2022-yil sportchi faoliyatida muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Poytaxtimizda o‘tgan Jahon kubogining ko‘pkurash yo‘nalishida oltin, halqada va bulavalarda oltin hamda tasmada bronza medalni qo‘lga kiritgan Taxmina Ikromova Pattayyadagi Osiyo chempionatida ko‘pkurash, halqa, to‘p va bulava dasturlarida chempion bo‘ldi. Shuningdek, Islom birdamligi o‘yinlarida oltin va to‘rtta kumush medalga ega chiqdi. Jahon chempionatida esa klublar dasturida finalga chiqib, 4-o‘rinni egalladi.
2023-yilda Taxminaning natijalari yanada yuksaldi. U Afina shahri mezbonlik qilgan Jahon kubogida kumush, Sofiyada bronza va oltin, Toshkentdagi bosqichda kumush va bronza, Bokuda ikki bronza medalni qo‘lga kiritdi. Maniladagi Osiyo chempionatida esa ko‘pkurash, jamoaviy bahs va uchta dasturda chempionlikni qo‘lga kiritdi. “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlarida ham jamoaviy va yakkalik bahslarda ikki oltin medalga sazovor bo‘ldi. Jahon chempionatida ko‘pkurashda 5-o‘rinni egallashi esa uning jahon elitasiga yaqinlashganini ko‘rsatdi.

2024-yil gimnastikachimiz uchun Olimpiada yili sifatida tarixda qoldi. U mavsum davomida bir qator Jahon kubogi va Gran-pri musobaqalarida sovrindorlar safidan joy oldi. Toshkentdagi Osiyo chempionatida uchta oltin va ikkita kumush, Jahon kubogida esa oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Parij Olimpiadasida ishtirok etib, ko‘pkurash saralash bosqichida dunyoning eng yetakchi gimnastikachilari bilan munosib raqobatlashib, o‘z tajribasini yanada oshirdi.
2025-yilda ham mamlakatimizning eng kuchli gimnastikachisi yuqori natijalarini davom ettirdi.
Joriy yil ham Taxmina Ikromovaning xalqaro maydondagi eng sermahsul mavsumlaridan biriga aylanmoqda. U yilni Marbelyada o‘tgan Gran-pri bosqichida ko‘pkurashda kumush, to‘p va bulavalar dasturlarida mos ravishda kumush va bronza, tasmada esa oltin medalni qo‘lga kiritgan holda boshladi. Toshkentdagi Jahon kubogida ko‘pkurash yo‘nalishida bronza, halqa va to‘p dasturlarida oltin, bulavalarda kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bishkekda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida esa beshta yo‘nalishda chempion bo‘ldi.
Kluj-Napoka shahridagi Jahon chellenj kubogida ko‘pkurashda bronza va lentada kumush medal olgan T.Ikromova Milandagi Jahon kubogida to‘pda mashq bajarish dasturida bronza medalga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa Taxmina Ikromova 2026-yilda hozirga qadar 7 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza jami 15 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Mazkur natijalar Taxmina Ikromovaning hozirgi sport formasi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Ushbu muvaffaqiyatlar Frankfurtdagi jahon chempionati oldidan unga katta ishonch bag‘ishlashi tabiiy.
Mazkur musobaqa Taxmina Ikromova uchun yana bir muhim sinov bo‘ladi. Jahon chempionatidagi natija nafaqat uning bugungi sportdagi mavqeini belgilaydi, balki “Los-Anjeles-2028” Olimpiadasi sari yo‘ldagi maqsadlarini amalga oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 23-dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2025-yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan vazifalar yurtimiz sportchilarining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA