Tahmina Ikromova jahon kubogi bosqichida shohsupaga ko‘tarildi
Poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichida dunyoning 40 ta mamlakatidan kelgan 160 dan ortiq sportchilar ishtirok etmoqda.
Gimnastika bo‘yicha Respublika markaziy o‘quv-sport maktabida O‘zbekiston Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, gimnastika federatsiyasi hamda O‘zavtosanoat aksiyadorlik jamiyati ko‘magida tashkil etilayotgan ushbu musobaqaning ikki kunida gimnastikachilar yakkalik va guruh mashqlari bo‘yicha bellashuvlarda o‘z omadini sinovdan o‘tkazdi.
Quvonarlisi kuni kecha yakkaliklar o‘rtasida o‘tgan ko‘pkurash bahslarida mahoratli gimnastikachimiz Tahmina Ikromova 110.90 ball bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi. ushbu yo‘nalishda Mariya Borisova (AIN2) oltin, Darya Varfolomeyev (Germaniya) kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Bugun, 12-aprel sanasida alohida turlar – halqa, to‘p, tasma va bulavalar, guruh mashqlarida esa 5 ta to‘p, 3 ta halqa va 2 juft bulava bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi. Shuningdek, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
[gallery-28705]
Ma’lumot uchun, ushbu musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2025-yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA