Sun’iy intellekt va innovatsion HR: O‘zbekiston mehnat bozori qanday o‘zgarmoqda?
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan bugungi davrda mehnat bozori ham tubdan o‘zgarmoqda.
Endi ish beruvchilar uchun nafaqat malakali kadr topish, balki inson kapitaliga investitsiya kiritish, zamonaviy HR boshqaruvi va raqamli yechimlarni joriy etish ham strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston mehnat bozori transformatsiyasi: yangi tendensiyalar, asosiy o‘zgarishlar va innovatsion HR” forumida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatida mehnat resurslari 21 million nafarni, band aholi esa 15 million nafarni tashkil etgan. Eng muhim ko‘rsatkichlardan biri - ishsizlik darajasi 4,5 foizgacha pasaygan, bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,6 foiz punktga kamaygan.
Forumda joriy yil ishga tushirilgan “Oson ish.uz” raqamli mehnat bozori platformasi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Bugungi kunga qadar ushbu platformada 36 mingdan ortiq ish beruvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular tomonidan 137 mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rni joylashtirilgan.
Eng muhimi, platforma sun’iy intellekt yordamida ish beruvchi va ish izlovchilarni avtomatik ravishda muvofiqlashtirib, munosib nomzodlarni tezkor aniqlash imkonini yaratmoqda. Bu esa vaqt va resurslarni tejash bilan birga, mehnat bozori samaradorligini ham oshiradi.
Forum doirasida 2026–2031-yillarga mo‘ljallangan “Skill Up” loyihasi ham taqdim etildi. Qiymati 3,7 million Shveysariya franki bo‘lgan ushbu loyiha orqali fuqarolarning qobiliyati va kompetensiyalari sun’iy intellekt asosida baholanib, ular mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga yo‘naltiriladi. Bu tizim ishsiz aholini qayta tayyorlash va mehnat bozori ehtiyojlariga mos kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Forum ishtirokchilari “Sun’iy intellekt va mehnat bozori: raqobatchimi yoki hamkor?” mavzusida ham fikr almashdi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, sun’iy intellekt inson mehnatini to‘liq almashtirish uchun emas, balki mehnat unumdorligini oshirish, qaror qabul qilish jarayonini tezlashtirish va inson kapitali imkoniyatlarini kengaytirish uchun xizmat qiladi.
Forumda “Mehnat kodeksiga sharh” elektron platformasi taqdim etildi. Xalqaro ekspertlar va mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan mazkur resurs mehnat qonunchiligi normalarini sodda va tushunarli tarzda izohlash, ularni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash hamda qonunchilikdagi yangiliklardan tezkor xabardor bo‘lish imkonini beradi.
Tadbir doirasida Markaziy bank va tijorat banklari ishtirokida “Yoshlar bilan hamnafas” dasturi taqdim qilinib, yoshlarni bank-moliya sohasiga jalb qilish, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va karera imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, 30 ga yaqin tijorat banki ishtirokida mehnat yarmarkasi tashkil qilinib, 40 nafar yirik ish beruvchi tomonidan yuzlab bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Ishtirokchilar ishga qabul shartlari, kasbiy o‘sish imkoniyatlari va tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA