Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu rukn orqali O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixona va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilar tomonidan iqtisodiy diplomatiyani yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Polsha: O‘zbekistonning Polshadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Amirsaid A’zamxo‘jayev tomonidan Polshadagi elchixonada “LeasingTeam Group” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik, fuqarolarimiz uchun mavjud imkoniyatlarni kengaytirish hamda o‘zaro aloqani yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.

Bahrayn: “Kanoo Group” kompaniyasi raisi Mishal Kanu bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va “Kanoo Group” o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish hamda yangi istiqbolli yo‘nalishlarda sheriklikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.

O‘zbekiston: Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev hamda Buyuk Britaniyaning “United Green Group” kompaniyasi investitsiya bo‘yicha direktori Albrext Frishenshlager o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda zamonaviy integratsiyalashgan chorvachilik klasterini tashkil etish loyihasi muhokama qilindi.

Yaponiya: Tokio shahrida “Yaponiya – O‘zbekiston” assotsiatsiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Yaponiya vazirlik va idoralari, jamoat tashkilotlari, ilmiy va ishbilarmon doiralar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Yaponiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi. Yig‘ilishda O‘zbekistonning turizm va investitsiya salohiyatini targ‘ib etish, madaniy-gumanitar aloqani rivojlantirish hamda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, 1998-yilda tashkil etilgan “Yaponiya – O‘zbekiston” assotsiatsiyasi bugungi kunda Yaponiyada xalq diplomatiyasini rivojlantirishga xizmat qilayotgan yetakchi do‘stlik tashkilotlaridan biri bo‘lib, 300 ga yaqin siyosat, biznes, fan va madaniyat vakillarini birlashtiradi.

Vengriya: Koreya Respublikasining Vengriyadagi Elchisi Chul Min Parkning taklifiga binoan O‘zbekistonning Budapeshtdagi Elchisi Oybek Shaxavdinov Hindiston, Indoneziya, Filippin, Tailand va Vetnam diplomatik vakolatxonasi rahbarlari bilan birgalikda tushlikda ishtirok etdi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA