Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu rukn orqali O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilar tomonidan iqtisodiy diplomatiyani yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Pokiston. Ushbu o‘lkaning axborot va radioeshittirish vaziri Attaulloh Tarar O‘zbekistonning Islomoboddagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher To‘xtayev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zaro muloqotda ikki mamlakat o‘rtasida media, kino va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar qo‘shma qisqa metrajli filmlar, hujjatli filmlar va seriallar ishlab chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, madaniy almashinuvni rivojlantirish, media tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda jurnalistlar uchun tajriba almashish tashriflarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Buyuk Britaniya. Diyorimizning Londondagi elchixonasida “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan “To‘maris” ayollar uyushmasi hamkorligida tadbir tashkil etildi. Unda taniqli ijodkorlar ishtirok etib, bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning ijodiy va ma’naviy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Fransiya. Yurtimizning shahar va viloyat hokimliklari, shuningdek, bir qator davlat idoralari vakillari “SUEZ” kompaniyasi prezidenti Per Poliak bilan muhim uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA