-
O‘mon Sultonligidagi elchimiz Abdusalom Hotamov ushbu arab davlatining madaniyat, sport va yoshlar ishlari bo‘yicha vaziri o‘rinbosari Sayyid Sulton Al-Busaydiy bilan uchrashdi. Muloqot davomida har ikki mamlakatda qator madaniy tadbirlar tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Milliy bank ijrochi direktori Abdulloh bin Zahron Al-Xinoiy bilan uchrashuvda esa O‘zbekiston va O‘mon banklari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatish imkoniyati tahlil etildi.
Qatarning yetakchi sayyohlik agentliklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadidagi sa’y-harakatlarini davom ettirarkan, Dohadagi Favqulodda va muxtor elchimiz Ashraf Xo‘jayev “Rayan Travel & Tours” va “Mosafer Travel & Tourism” kompaniyalari bosh menejerlari Zohir Yusuf va Firos Nattu bilan uchrashdi. Yurtimizga tashrif buyurayotgan qatarlik sayohatchilarning qiziqishi va ehtiyojiga moslashtirilgan turli xil xizmatlar, qo‘shimcha qulayliklar yaratish borasidagi keng ko‘lamli ishlar haqida mezbonlarga batafsil ma’lumot berildi.
Yaponiyada ham Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi keng nishonlandi. Jumladan, Soka universiteti hududida joylashgan Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yildi.
Ushbu yodgorlik o‘zbek va yapon xalqlari o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik rishtalari timsolidir.
Tokiodagi elchimiz Muhsinxo‘ja Abdurahmonov rektor Suzuki Masashi bilan hamkorlikning joriy holati va istiqboli yuzasidan gaplashib, aloqalarni yanada kengaytirishga kelishib oldi.
Shuningdek, elchixonada yapon sayyohlari oqimini oshirish maqsadida O‘zbekistonning boy turizm salohiyati, xorijliklar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, infratuzilma va mehmonxonalar haqida taqdimot tadbiri o‘tkazildi.
Hindiston. Dehlidagi elchimiz Sardor Rustamboyev Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev bilan onlayn muloqot uyushtirib, turli yo‘nalishlardagi aloqalarni yanada rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalar amalga oshirish, eksport ko‘lamini kengaytirish, biznes-forumlar o‘tkazish masalalarini muhokama qildi.
Fransiya. Elchi Nodir G‘aniyev Parij shahri meri siyosiy maslahatchisi Jan-Iv Kamyu va Bosh delegatning xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Benua Gersbrun bilan ishchi uchrashuv tashkil qildi. Kun tartibidan Toshkent va Parij aloqalarini mustahkamlash masalasi o‘rin oldi.
AQSHdagi elchimiz Furqat Siddiqov Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Jon Mark Pommershaym bilan uchrashib, ikki tomonlama kengaytirilgan strategik hamkorligikning barcha yo‘nalishlarini atroflicha muhokama qildi. O‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash, mavjud tashabbuslarni yanada rivojlantirish, yangi imkoniyatlar yaratish yuzasidan fikr almashildi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA