Xalqaro matematika olimpiadasida yuqori natijaga erishgan o‘quvchilarimiz tantanali kutib olindi
Joriy yilning 26–30-oktabr kunlari Germaniyaning Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan Einstein International Olympiad 2026 — Global Final xalqaro matematika olimpiadasida O‘zbekistonlik iqtidorli o‘quvchilar yuqori natijalarni qayd etdi.
Dunyoning 15 dan ortiq davlatidan 300 nafardan ziyod iqtidorli o‘quvchi jam bo‘lgan xalqaro musobaqada O‘zbekiston vakillari 3 ta oltin, 1 ta kumush, 3 ta bronza va 5 ta Honorable Mention medalini — jami 12 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, yana 4 nafar o‘zbekistonlik o‘quvchi olimpiadadagi faol ishtiroki uchun maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Musobaqada O‘zbekistonlik ikki nafar o‘quvchi jahon chempionati doirasidagi alohida yuqori natijalari uchun qimmatbaho sovg‘alarga ham sazovor bo‘ldi.
Xalqaro musobaqaning eng e’tiborli natijalaridan biri 8-sinf o‘quvchisi Zufar Atayev tomonidan qayd etildi. U matematika yo‘nalishida 100 balldan 96 ball to‘plab, o‘z yosh kategoriyasida birinchi o‘rinni egalladi va Jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi.
Yana bir o‘zbekistonlik 7-sinf o‘quvchisi Aziz Ahmedov ham xalqaro finalda yuksak natijaga erishdi. U 76 ball to‘plab, o‘z yosh kategoriyasidagi 25 nafar ishtirokchi orasida uchinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekistonning 16 nafar ishtirokchisi orasida 12 nafari turli darajadagi medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qolgan 4 nafari faol ishtiroki uchun sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Xalqaro matematika olimpiadasida qatnashgan O‘zbekiston delegatsiyasining Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ustozlari, ota-onalari hamda sinfdosh do‘stlari ishtirokida tantanali kutib olish tadbiri tashkil etildi.
Yoshlarimizning xalqaro bilimlar bellashuvida mamlakatimiz sharafini munosib namoyon etishga bo‘lgan intilishi e’tirofga loyiq. Ularning xalqaro maydondagi ishtirokini keng jamoatchilikka yetkazish, ayniqsa, yosh avlodda ilm-fan va ta’limga qiziqishni kuchaytirish, iqtidorli o‘quvchilarni yanada ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-32297]
N.Rahmonova, N. Haydarov(surat), O‘zA