“Tashkent Grand Prix” xalqaro musobaqasidan fotoreportaj
Poytaxtimizda ilk bor velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha nufuzli “Tashkent Grand Prix” xalqaro musobaqasi o‘tkazildi.
“Olimpiya shaharchasi” hududida joylashgan zamonaviy velodromda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan professional velosportchilar o‘zaro bahs olib bordi.
Musobaqada Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Turkiya, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Hindiston hamda O‘zbekistondan jami 15 ta jamoa ishtirok etdi. Unda qariyb 100 nafar sportchi g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Dasturga muvofiq, erkaklar va ayollar o‘rtasida jamoaviy ta’qib, ochkolar poygasi, medison va omnium yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur musobaqa xalqaro velosport taqvimiga kiritilgan bo‘lib, ishtirokchilarga reyting ochkolarini jamg‘arish imkoniyatini taqdim etadi.
Mutaxassislar fikricha, “Tashkent Grand Prix” kabi musobaqalar mamlakatda velosportni ommalashtirish, xalqaro sport aloqalarini mustahkamlash va O‘zbekistonning sport salohiyatini keng namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-29311]
Qayd etilganidek, joriy yilning 10–11-may kunlari Namangan viloyatida velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha navbatdagi xalqaro “Namangan Grand Prix” musobaqasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA