Ta’lim tashkilotlarida har dushanba kuni «Kelajak soati» darslari tashkil etilmoqda
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab vazirlik tizimidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida har dushanba kuni «Kelajak soati» darslarini o‘tkazish amaliyoti joriy etilgan.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – o‘quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy o‘zlikni anglash, islohotlardan xabardorlik, katta avlod vakillariga hurmat, ijtimoiy-emotsional ko‘nikmalar hamda ijobiy xulq-atvor asoslarini shakllantirishdan iborat.
Ushbu darslarga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, madaniyat va adabiyot sohasi mutaxassislari, turli yo‘nalishlardagi olimlar, pedagoglar, deputatlar hamda taniqli san’atkorlar jalb qilinib, ular tomonidan tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha qiziqarli va mazmunli darslar tashkil etib kelinmoqda.
Dars soatlarini samarali o‘tkazish maqsadida malakali ekspert va mutaxassislar ishtirokida turli mavzular bo‘yicha videokontentlar tayyorlanib, milliytarbiya.uz platformasiga joylashtirib borilmoqda. Bugungi kunga qadar 180 ta ssenariy asosida 410 ta videokontent mazkur platformaga joylashtirilgan.
Vazirlik tomonidan 2026–2027 o‘quv yili uchun «Kelajak soati» dasturi ishlab chiqildi. Dastur doirasida o‘quvchilarning har bir yosh guruhi uchun alohida dars ishlanmalari, ssenariylar, vizual va interaktiv materiallar tayyorlandi.
Xususan, mashg‘ulotlarni tashkil etish bo‘yicha maktabgacha ta’lim yoshidagi 3–7 yoshli tarbiyalanuvchilar hamda umumta’lim maktablarining 1–4, 5–8 va 9–11-sinf o‘quvchilari uchun alohida yosh guruhlari kesimida o‘quv dasturlari ishlab chiqilib, milliytarbiya.uz platformasiga joylashtirildi.
«Kelajak soati» darslarining ahamiyatli jihati shundaki, o‘quvchilar nafaqat zarur ma’lumotlarga, balki turli qiziqarli mashg‘ulotlar davomida o‘z orzu va maqsadlari bilan o‘rtoqlashish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Shuningdek, bolalar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olmoqda.
Yurtimiz tarixida katta iz qoldirgan ajdodlarimizning siyosat, ilm-fan va madaniyat sohalarida bosib o‘tgan sharafli yo‘li, Vatan ravnaqi yo‘lidagi fidoyiliklari tarbiyalanuvchilar va o‘quvchilarda katta taassurot qoldirmoqda.
Mazkur o‘quv soatlarini ta’lim tashkilotlarida samarali tashkil etish, ularning mazmun-mohiyati va amalga oshirish mexanizmlarini mas’ul xodimlarga yetkazish maqsadida o‘quv-seminarlari ham muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
Ularda vazirlikning hududiy bo‘linmalari mas’ul xodimlari, ta’lim tashkilotlari rahbarlari vakillari hamda pedagoglar ishtirok etib kelmoqda.
N.Usmonova, O‘zA