“Kelajak soati” - bu oddiy dars emas
Bugun maktab o‘quvchisidan faqat yaxshi baho olish yoki fanlarni o‘zlashtirishning o‘zi talab etilmaydi. U o‘z fikriga ega bo‘lishi, atrofidagi voqea-hodisalarga munosabat bildira olishi, texnologiyalardan to‘g‘ri foydalanishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va eng muhimi, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashashi kerak.
Shu ma’noda 2026–2027 o‘quv yilidan “Kelajak soati” mashg‘ulotlari yangi mazmun va yondashuvlar asosida tashkil etiladi. Uning vazifasi ham oddiy — o‘quvchiga yana bir mavzuni tushuntirish emas, balki uni hayotga tayyorlash.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi dasturlar milliy va umuminsoniy qadriyatlar, vatanparvarlik, milliy o‘zlikni anglash, huquqiy bilim, ijtimoiy-emotsional ko‘nikmalar va ijobiy xulq-atvorni shakllantirish bilan bir qatorda, zamonaviy dunyoda zarur bo‘ladigan amaliy kompetensiyalarni ham qamrab olgan.
Dastur o‘quvchidan boshlanadi
Yangi “Kelajak soati” dasturlarini ishlab chiqishda “o‘quvchiga nima qiziq va nima kerak?” degan savol asos qilib olindi. Buning uchun keng qamrovli tadqiqot o‘tkazildi. So‘rovda 5–11-sinflarda tahsil olayotgan 159 ming 697 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Natijalar qiziqarli manzarani ko‘rsatdi. O‘quvchilarning 83,2 foizi milliy madaniyatga, 82,7 foizi oilaviy qadriyatlarga, 81,2 foizi esa huquqiy bilimlarga qiziqish bildirgan. Demak, yoshlar o‘zligini, oilasini, huquq va majburiyatlarini anglashga qiziqmoqda. Biroq, boshqa ko‘rsatkichlar ham e’tiborga molik. Volontyorlikka qiziqish 56,9 foiz, ekologik mas’uliyat 59,6 foiz, tanqidiy fikrlashga qiziqish esa 60 foizni tashkil etgan.
Bu raqamlar “Kelajak soati”da nimalarni kuchaytirish kerakligini ko‘rsatdi. Endi o‘quvchiga tayyor xulosani aytishdan ko‘ra, uni o‘ylash, savol berish, muhokama qilish va o‘z pozitsiyasini bildirishga undash muhim.
“Dars” emas, muloqot
Yangi dasturning asosiy farqi shundaki, “Kelajak soati” an’anaviy dars qolipida tashkil etilmaydi. Uning mantig‘i oddiy: avval o‘quvchining ehtiyoji aniqlanadi, keyin yoshiga mos mavzu tanlanadi. Mavzu hayotiy misol yoki keys orqali muhokama qilinadi. Shundan so‘ng interaktiv faoliyat, amaliy topshiriq yoki loyihaga o‘tiladi. Eng muhim bosqich esa — bu mashg‘ulot o‘quvchining xulq-atvorida qanday o‘zgarish paydo qildi, degan savolga javob topish. Shuning uchun “Kelajak soati”ni faqat tarbiyaviy soat sifatida emas, o‘quvchi bilan ochiq muloqot qilish, uning fikrini eshitish va hayotiy ko‘nikmalarini rivojlantirish maydoni sifatida ko‘rish mumkin.
Bir mavzu — turli yosh, turli yondashuv
Albatta, 7 yoshli bola bilan 17 yoshli o‘smirga bir xil usulda murojaat qilib bo‘lmaydi. Shu sababli dasturlar 3–7 yoshli maktabgacha ta’lim tarbiyalanuvchilari, 1–4, 5–8 va 9–11-sinf o‘quvchilari uchun alohida ishlab chiqildi. Kichik yoshdagi bolalar uchun mavzular sodda, ko‘rgazmali va qiziqarli faoliyatlar orqali tushuntirilsa, yuqori sinflarda hayotiy vaziyatlar, munozaralar, mustaqil fikrlash va amaliy loyihalarga ko‘proq o‘rin beriladi.
Dars ishlanmalarida savol-javoblar, muammoli vaziyatlar, ijodiy topshiriqlar, videoroliklar, vizual materiallar va amaliy mashg‘ulotlardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Barcha materiallar “milliytarbiya.uz” platformasiga joylashtirildi.
Vatanparvarlik — shior emas, his
“Kelajak soati”da vatanparvarlik mavzusi ham yangi mazmun bilan boyitilmoqda. Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamda Bolalar kontentini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan maxsus kontentlar tayyorlandi.
Ularda milliy g‘urur, xalq birdamligi, Vatanga daxldorlik, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, mamlakat taraqqiyotiga ishonch kabi tushunchalar yoritiladi. Ammo bu tushunchalarni faqat matn yoki ma’ruza orqali yetkazish bilan cheklanib qolinmaydi. Masalan, zamonaviy qahramonlar, jahon chempionlari, davlat va jamiyat arboblari, siyosatshunoslar bilan uchrashuvlar, “tengdosh — tengdoshga” tamoyili, oilaviy muhokamalar va mavzuli videoroliklar orqali o‘quvchining shaxsiy tajribasiga yaqinlashtiriladi. Har haftaning dushanba kuni mashg‘ulotlarning Davlat bayrog‘ini ko‘tarish va Davlat madhiyasini ijro etish bilan boshlanishi esa davlat ramzlariga hurmat va Vatanga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘quvchiga bugunning emas, ertaning ko‘nikmalari ham kerak
Zamonaviy dunyoda maktabni bitirishning o‘zi yetarli emas. Yosh avlod axborotni saralay olishi, raqamli texnologiyalardan xavfsiz va samarali foydalanishi, sun’iy intellekt imkoniyatlarini tushunishi, o‘zini to‘g‘ri taqdim eta olishi kerak.
Shu maqsadda “Kelajak soati” doirasida “Biz uchun muhim” rukni tashkil etiladi. Har haftalik mashg‘ulotning yakuniy 15 daqiqasida aynan hayotda kerak bo‘ladigan zamonaviy ko‘nikmalar muhokama qilinadi. O‘quvchilar shaxsiy portfolio tayyorlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan maqsadli foydalanish, ma’lumotlar xavfsizligi va kiberxavfsizlik asoslari bilan tanishadi.
Shuningdek, xalqaro sertifikatlar, ularga tayyorgarlik ko‘rish, nufuzli oliy ta’lim muassasalari va qabul talablari haqida yo‘naltiruvchi ma’lumotlar beriladi. Ya’ni “Kelajak soati”da gap faqat bugungi o‘quvchi haqida emas. Uning ertangi talaba, mutaxassis va fuqaro sifatidagi hayoti haqida ham boradi.
Buning uchun pedagog ham o‘zgarishi kerak
Yangi mazmun, tabiiyki, pedagogdan ham yangi yondashuvni talab qiladi. Shu bois Kasbiy rivojlanish kuni va Kasbiy rivojlanish soatlari dasturlariga “Kelajak soati darslarini o‘tish metodikasi” nomli 6 soatlik maxsus modul kiritildi. Maqsad — pedagogni tayyor matnni o‘qib berishdan ko‘ra, o‘quvchi bilan muloqot qilish, uning fikrini eshitish, savol berish, bahs-munozaraga jalb etish va amaliy faoliyatga yo‘naltirishga tayyorlash.
Yangi dasturlarni samarali joriy etish maqsadida poytaxtimizda Zoom platformasi orqali onlayn o‘quv-seminari ham o‘tkazilib, ushbu mavzu atroflicha tahlil etildi. Unda vazirlik rahbariyati, hududiy boshqarmalar mas’ullari, tuman va shahar bo‘limlarining ma’naviyat bo‘yicha mas’ul xodimlari hamda 10 mingdan ortiq maktab direktorlari ishtirok etdi.
[gallery-31124]
Asosiy natija — o‘quvchining o‘zgarishi
“Kelajak soati”ning haqiqiy samarasi o‘tilgan mavzu yoki tayyorlangan prezentatsiyalar soni bilan emas, o‘quvchidagi o‘zgarish bilan baholanishi kerak. U kechagidan ko‘ra bugun Vatanini yaxshiroq anglayaptimi? O‘z huquq va majburiyatlarini biladimi? Boshqalarning fikrini hurmat qiladimi? Muammoga mustaqil yechim izlay oladimi? Raqamli dunyoda o‘zini himoya qila oladimi? Jamiyat uchun foydali ish qilishga tayyormi?
“Kelajak soati” aynan shu savollarga javob izlaydi. Zero, ta’limning eng katta natijasi — o‘quvchining qancha ma’lumot yod olgani emas, balki olgan bilimi uning fikri, munosabati va xatti-harakatini qanday o‘zgartirgani. Shu ma’noda “Kelajak soati” — jadvaldagi navbatdagi bir soat emas. Bu bola va o‘smirlarning o‘zligini, Vatanni anglashi, hayotda o‘z o‘rnini topishi va kelajakka tayyor bo‘lishi uchun yaratilgan tarbiyaviy maydon. Uning eng muhim savoli ham bitta: bugungi o‘quvchini ertangi kunga qanday tayyorlaymiz?
Nazokat Usmonova,
O‘ktam Hayitov (surat),
O‘zA