Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, uzluksiz ta’lim jarayonlarida samaradorlikni xolisona baholash bo‘yicha davlat siyosatini to‘laqonli amalga oshiryaptimi? Inspeksiya tashkil etilgandan buyon ta’lim muassasalarida ta’lim sifati necha foizga ko‘tarildi? Pandemiya davri – 2020 yilda inspeksiya tomonidan qanday ijobiy natijalarga erishildi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida inspeksiya mutasaddilari ishtirokida 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yil uchun istiqbolda belgilangan rejalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida ana shu savollarga javob berildi.
Ta’kidlanishicha, pandemiyaga qaramasdan 2020 yilda maktablar reytingini aniqlash maqsadida jami maktablarning 10 foizi, ya’ni 992 ta maktab faoliyati 4 ta indikator asosida baholangan. Hududlar reytingida eng yuqori o‘rinlarni Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlari egallagan bo‘lsa, quyi o‘rinlarda Sirdaryo, Toshkent viloyati va Surxondaryo viloyatlari qayd etildi.
84 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyati tahlil qilinib, ularning umumiy, sohaviy va asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha reytingi tuzildi. Reyting natijalariga ko‘ra, milliy OTMlarda barcha indikatorlar bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichlari qayd etildi. Xususan, fan doktori ilmiy darajasi, professor unvoniga ega professor-o‘qituvchilar 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 11 foizga, fan nomzodi ilmiy darajasi yoki dotsent unvoniga ega professor-o‘qituvchilar 10,1 foizga, dissertatsiya himoyalari (shu jumladan, berilgan professor yoki dotsent unvonlari) 41,1 foizga, dunyoning nufuzli mingtaligiga kiruvchi OTMlardan ilmiy daraja olgan professor-o‘qituvchilar ulushi esa 13,1 foizga oshdi.
Koronavirus pandemiyasi sababli, joriy yilda malaka (test) sinovlari avgust-noyabr oylarida real vaqt rejimida, onlayn tarzda, barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratilgan, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlangan yirik sig‘imli binolarda tashkil etildi.
2020 yilda ilk marotaba Ta’lim inspeksiyasi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda ikkinchi malaka toifasiga da’vogar pedagoglar uchun ham malaka (test) sinovlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasida jami 91 ming 173 nafar pedagog qatnashib, ularning 5 ming 286 nafari oliy malaka toifasiga, 14 ming 489 nafari birinchi, 24 ming 964 nafari ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘ldi hamda o‘zlarining ish haqlarini oshirishga erishdi.

Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan ta’lim muassasalarini akkreditatsiyalash jarayoni masofadan turib tashkil etildi. Mazkur jarayonlar uchun «ONAKS» – elektron platformasi hamda onlayn akkreditatsiya reyestri ishga tushirildi. 2020 yilda umumiy o‘rta ta’lim maktablarini akkreditatsiyadan o‘tkazish rejasiga asosan yil davomida 2 ming 20 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘rganilib, ularning 1 ming 853 tasi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Ichki va tashqi baholash jarayonlarida 788 ta maktab holati o‘rganildi. Natijada mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 87 nafar rahbar xodimga intizomiy chora ko‘rildi.
2020 yil rejasiga muvofiq yil davomida jami 1 ming 220 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti attestatsiyadan o‘tkazildi. O‘rganishlar natijasida ularning 1 ming 141 tasi akkreditatsiyadan o‘tkazilib, o‘rnatilgan tartibda davlat namunasidagi sertifikatlar taqdim etildi. 79 tasi esa belgilangan muddatlarda attestatsiya hujjatlarini o‘z vaqtida taqdim etmaganliklari, baholash mezonlari talablariga zid ravishda attestatsiyadan o‘tkazilganligi hamda ta’lim tashkilotlarida qurilish ishlari olib borilayotganligi sababli attestatsiyadan o‘tmadi. Attestatsiyadan o‘tmagan maktabgacha ta’lim tashkilotlari yuzasidan Maktabgacha ta’lim vazirligiga rasmiy taqdimnoma kiritildi.
Shunga asosan attestatsiya jarayonlariga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan bir qator rahbar va xodimlarga tegishli intizomiy choralar ko‘rildi. 2020 yilda xorijiy davlatlarda olingan diplomlarni tan olish bo‘yicha jami 4 ming 441 ta murojaat kelib tushgan. Arizalarning 1 ming 361 tasi qanoatlantirildi, 576 ta hujjat esa maxsus sinovlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olindi.
So‘nggi uch yilda yurtimizda nodavlat ta’lim tashkilotlariga yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar va ular faoliyatining litsenziya jarayoni soddalashtirilgani sababli ularning soni deyarli olti barobarga oshgan. Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun litsenziya olish jarayonlari to‘liq elektronlashtirilgani sababli karantin davrida ham kelib tushgan arizalar ko‘rib chiqilib, o‘rnatilgan tartibda litsenziya berildi.
2020 yilda Ta’lim inspeksiyasi tomonidan jami 1 ming 34 ta nodavlat ta’lim tashkilotiga litsenziya berildi. Agar 2019 yilda yurtimizda 2 ming 509 ta nodavlat ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 3 ming 377 tani tashkil etmoqda. Shu jumladan, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 1 ming 214 tadan 1 ming 688 taga, xususiy maktablar soni 117 tadan 171 taga, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari 485 tadan 605 taga, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim tashkilotlari 691 tadan 906 taga hamda xususiy oliy ta’lim muassasalari soni 2 tadan 8 tagacha oshdi.
Matbuot anjumanida xalqaro aloqalar to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berildi. Jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA