Taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar uyğunligi — universitet yuksalişining yangi bosqiçi
Bugungi oliy taʼlim muassasasi taraqqiyoti, avvalo, uning inson kapitalini rivojlantirişga qöşayotgan hissasi, ilmiy izlanişlari, zamonaviy taʼlim muhiti va jamiyat hayotidagi örni bilan belgilanadi.
Universitet — bu şunçaki bilim beradigan maskan emas, balki yangi ğoyalar tuğiladigan, salohiyat kaşf etiladigan, kelajak kasblari va yetuk mutaxassislar şakllanadigan muhim maʼrifat maydonidir.
Qöqon davlat universitetida sönggi yillarda amalga oşirilayotgan keng kölamli işlar ana şu yuksak maqsadlar bilan çambarças boğliq. Taʼlim va ilm-fanni uyğun rivojlantiriş, talabalar uçun yangi imkoniyatlar yaratiş, professor-öqituvçilarning salohiyatini oşiriş hamda boşqaruv jarayonlarini zamonaviylaştiriş borasidagi izçil saʼy-harakatlar universitetning taraqqiyot yölida dadil odimlayotganini körsatmoqda.
Ilm-fan — taraqqiyotning mustahkam poydevori
Universitetning ilmiy salohiyati uning intellektual boyligi, kelajak rivojlanişining muhim tayançidir. Qöqon davlat universitetida ilmiy faoliyatni rivojlantiriş, yoş tadqiqotçilarni qöllab-quvvatlaş va ilmiy natijadorlikni oşirişga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Buning yorqin dalillaridan biri dissertatsiya himoyalari sonining sezilarli ortişidir. 2024-yilda universitetda 22 ta dissertatsiya himoyasi amalga oşirilgan bölsa, 2025-yilda bu körsatkiç 66 taga yetdi. Yaʼni, bir yil içida uç baravar ösişga erişildi. Jumladan, 2025-yilda 8 ta fan doktori (DSc) va 58 ta falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoya qilindi.
Xalqaro ilmiy bazalarda çop etilgan maqolalar sonining 96 tadan 110 taga kötarilgani ham universitet olimlarining ilmiy izlanişlari kölami kengayib borayotganidan dalolat beradi. Xöjalik şartnomalari asosida amalga oşirilgan ilmiy işlardan tuşum 641 million sömdan 660 million sömga yetgani esa ilm-fan va amaliyot örtasidagi hamkorlik mustahkamlanayotganini körsatadi.
Bugun universitetda 5 ta ilmiy-tadqiqot va 4 ta innovatsion markaz, 3 ta dissertatsiya kengaşi, 4 ta öquv laboratoriyasi hamda Texnopark faoliyat yuritmoqda. Ilmiy jarayonlarni raqamlaştiriş maqsadida IKRP va “e-izlanuvçi” platformalarining yaratilişi tadqiqotçilar uçun yangi imkoniyatlar eşigini oçmoqda.
Bu natijalar universitetda ilmiy muhit tobora faollaşib, izlaniş va yangilikka intiliş taraqqiyotning muhim omiliga aylanayotganini namoyiş etadi.
Bitiruvçilar muvaffaqiyati — taʼlim samaradorligining ifodasi
Universitetning eng katta yutuqlaridan biri — uning bitiruvçilari hayotda öz örnini topişi, egallagan bilim va könikmalarini amaliy faoliyatda namoyiş eta olişidir. Şu bois Qöqon davlat universitetida talabalarni kasbga tayyorlaş, ularning bandligini taʼminlaş va mehnat bozori bilan hamkorlikni mustahkamlaş ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
2024/2025-öquv yilida bitiruvçilar bandligi 98,2 foizni taşkil etgan. 2025/2026-öquv yili bitiruvçilari 2026-yil 30-oktabr holatiga köra, 4 566 nafar bitiruvçidan 4 232 nafari iş bilan taʼminlangan. Bu 92,7 foizlik bandlik körsatkiçidir.
Iş beruvçilar bilan olib borilgan hamkorlik ham muhim natijalarni bermoqda. 424 nafar iş beruvçi iştirok etgan sörovnomada respondentlarning 96,1 foizi universitet bitiruvçilarining kompetensiyalarini ijobiy baholagan, 97,4 foizi esa tayyorlangan kadrlardan qoniqiş bildirgan.
Bu raqamlar universitetda taʼlim mazmunini mehnat bozori talablariga moslaştiriş, talabalarni kasbiy faoliyatga puxta tayyorlaş va iş beruvçilar bilan samarali muloqotni yölga qöyiş borasidagi işlarning muhim natijasidir.
Amaliyot — bilimni mahoratga aylantiradigan imkoniyat
Zamonaviy taʼlimning muhim xususiyati nazariy bilim va amaliy könikmalarning uzviyligidir. Talaba auditoriyada olgan bilimini real iş jarayonida sinab körişi, kasbiy tajriba orttirişi va öz mutaxassisligi böyiça mustahkam kompetensiyaga ega bölişi zarur.
Qöqon davlat universitetida malakaviy amaliyotlarni samarali taşkil etiş maqsadida hamkorlik aloqalari izçil kengaytirilmoqda. 2026/2027-öquv yilida amaliyotlarni taşkil etiş uçun 1 474 ta taʼlim taşkiloti bilan şartnomalar yangilangan. Şuningdek, 4 117 nafar talabaning amaliyoti “4+2” şaklida taşkil etilib, amaliyot.kokandsu.uz platformasi orqali monitoring qilinmoqda.
“4+2” tizimi talabalarga haftaning tört kunida universitetda nazariy bilimlarini mustahkamlaş, ikki kunida esa korxona va taşkilotlarda amaliy tajriba orttiriş imkonini beradi. Bunday yondaşuv yoşlarning kasbiy tayyorgarligini oşiriş, iş jarayoniga moslaşuvini yengillaştiriş va kelajakdagi faoliyatiga işonçini mustahkamlaşga xizmat qiladi.
Hamkor taşkilotlar bilan yölga qöyilgan aloqalar universitet va mehnat bozori örtasidagi uzviylikni yanada kuçaytirib, talabalar uçun yangi tajriba va imkoniyatlar maydonini yaratmoqda.
Raqamli universitet — zamonaviy taʼlim sari
Raqamli texnologiyalar bugungi taʼlimning ajralmas qismiga aylanmoqda. Ular nafaqat jarayonlarni tezlaştiradi, balki taʼlim sifatini oşiriş, boşqaruvda aniqlik va şaffoflikni taʼminlaş uçun ham keng imkoniyatlar yaratadi.
Qöqon davlat universitetida taʼlim jarayonlarini boşqariş va maʼmuriy xizmatlarni takomillaştiriş maqsadida zamonaviy raqamli tizimlar joriy etilmoqda. CAMS tizimi orqali 145 ta akademik yönaliş va magistratura mutaxassisligi, 441 ta öquv reja, 3 367 ta fan dasturi hamda 1 041 ta individual iş rejasini boşqariş jarayonlari qamrab olingan.
Tizimning imkoniyatlari öquv jarayonlarini muvofiqlaştiriş, fanlarning mutaxassissizlikka mosligini tahlil qiliş va elektron hujjat almaşinuvini rivojlantirişga xizmat qilmoqda. HEMIS hamda kutubxona tizimlari bilan integratsiya esa yagona axborot muhitini şakllantiriş yölidagi muhim qadamlardan biridir.
Registrator ofisi orqali 70 dan ortiq xizmatning yagona tizimda taşkil etilgani talabalar uçun maʼmuriy jarayonlarni yanada qulaylaştirmoqda. Bu zamonaviy universitetning talabalar ehtiyojlariga yönaltirilgan, oçiq va samarali boşqaruv modelini şakllantirişga qaratilgan izçil harakatidir.
Bilimlar xazinasi — yangi imkoniyatlar manbai
Universitetning ilmiy va taʼlimiy muhitini boyitişda axborot-resurs markazi alohida örin tutadi. Bugungi kutubxona zamonaviy texnologiyalar bilan uyğunlaşgan, talabalar va tadqiqotçilar uçun keng imkoniyatlar taqdim etadigan bilimlar markazidir.
Qöqon davlat universiteti axborot-resurs markazida elektron xizmatlarni kengaytiriş, kitob beriş va qaytariş jarayonlarini raqamlaştiriş, elektron kutubxona platformasini rivojlantiriş böyiça işlar amalga oşirilmoqda. Törtta tarmoq kutubxonasida elektron xizmatlarning yölga qöyilişi foydalanuvçilarning zarur adabiyotlarni izlaş va ulardan foydalaniş imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
Elektron resurslar, zamonaviy öquv adabiyotlari va ilmiy manbalardan foydalaniş imkoniyatlarining ortişi talabalarning mustaqil taʼlim olişi, ilmiy izlaniş olib borişi va intellektual salohiyatini rivojlantiriş uçun mustahkam zamin yaratadi.
Xalqaro hamkorlik — dunyo tajribasi bilan uyğunlik
Taʼlim va ilm-fan taraqqiyotida xalqaro hamkorlikning örni beqiyos. Xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan aloqalarni rivojlantiriş, akademik mobillikni kengaytiriş va ilğor tajribalarni örganiş universitetning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlaşga xizmat qiladi.
Qöqon davlat universitetining xalqaro hamkorlik geografiyasi yildan-yilga kengaymoqda. 2024-yilda hamkorlik aloqalari 10 ta davlatni qamrab olgan bölsa, 2025-yilda bu körsatkiç 13 ta davlatga yetdi. Professor-öqituvçilar va xodimlarning xorijiy taʼlim muassasalarida malaka oşirişi, akademik almaşinuv dasturlarida iştirok etişi hamda xalqaro ilmiy tadbirlarda qatnaşişi uçun imkoniyatlar yaratilmoqda.
Hamroz Bayonov, ÖzA
Reklama huquqi asosida