Talabalar yangi o‘quv yilini yangi maqsadlar bilan boshladi
FOTOREPORTAJ
Oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilining ilk kuni alohida ko‘tarinki ruhda boshlanadi. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetida ham 2026/2027-o‘quv yili yangi maqsad va ezgu niyatlar bilan boshlandi.
Talabalar yangi o‘quv yilini «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» g‘oyasi asosidagi «Mustaqillik darslari» bilan boshladi. Mashg‘ulotlarda mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar, yurtimiz taraqqiyoti, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ularning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
[gallery-31276]
Ayni o‘quv yilida Andijon davlat universiteti talabalari safiga 5 ming 200 nafar yigit-qiz qabul qilindi. Bugungi kunda universitetda 16 mingdan ziyod talaba 50 ga yaqin bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 27 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olmoqda.
Ta’lim jarayonini samarali tashkil etishda universitetning yuqori ilmiy-pedagogik salohiyatga ega professor-o‘qituvchilari jamoasi muhim o‘rin tutadi. Jamoa tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 1 nafar akademigi, 30 dan ziyod professor, 57 nafar fan doktori hamda 162 nafardan ziyod fan nomzodi va falsafa doktori (PhD) faoliyat yuritmoqda.
Yangi o‘quv yilining boshlanishi talabalar uchun bilim va tajribalarini boyitish, yangi maqsadlar sari intilish va kelgusi rejalarini amalga oshirishning yangi bosqichi bo‘ldi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA