Talabalar ishtirokidagi “Besh tashabbus olimpiadasi”ga start berildi
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining sport majmuasida I.M. Gubkin (MTU) nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent shahridagi filialining “Besh tashabbus olimpiadasi”ning yangi mavsumiga start berish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda filial ijrochi direktori, “I.M. Gubkin” sport klubi raisi Abdulla Magrupov so‘zga chiqib, sport yoshlarning jismoniy va ma’naviy kamolotida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Qayd etilganidek, filialda talaba-yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, har chorshanba “Sport kuni” sifatida belgilangan. “Besh tashabbus olimpiadasi” esa yoshlarning sportga qiziqishini oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va ular uchun sog‘lom raqobat muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Ochilish marosimida faxriy mehmon sifatida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, og‘ir atletika bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, Olimpiya o‘yinlari chempioni, uch karra jahon rekordchisi, Osiyo o‘yinlari chempioni, besh karra Osiyo va besh karra jahon chempioni, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Ruslan Nuruddinov ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi Ommaviy sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sherzod Olimov qatnashdi.
[gallery-31618]
Tadbirda yoshlar uchun sportdagi yuqori natijalarga erishish, muntazam mashg‘ulot olib borish va musobaqalarda faol ishtirok etishning ahamiyati haqida fikrlar bildirildi.
Marosimda Filialning sport sohasida yuqori natijalarga erishib kelayotgan 22 nafar talaba-sportchisi alohida e’tirof etildi.Ular kikboksing, dzyudo, sambo, taekvondo, futbol, boks, kurash, basketbol, kanoye, voleybol, yengil atletika, og‘ir atletika kabi sport turlarida turli darajadagi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Tadbir davomida talabalarning qilichbozlik va sambo bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari ham namoyish etildi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Faxriy qorovul vzvodi va bo‘linmalarining qo‘l jangi elementlarini o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmali chiqishlari esa ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir doirasida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning sport musobaqalariga rasman start berildi. Talabalar yugurish, mini-futbol, voleybol va stritbol bo‘yicha bellashdi.
Hamroz Bayonov,Oybek Pardayev (surat), O‘zA