Xalqaro forum ishtirokchilari «Besh tashabbus olimpiadasi» ochilish marosimida qatnashdi
Toshkent arxitektura-qurilish universitetida «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida tashkil etilayotgan ommaviy sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Sport vaziri o‘rinbosari Murod Ismoilov, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Shuningdek, mamlakatimiz mezbonlik qilayotgan I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi ishtirokchilari — Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi (FISU) prezidenti Leonz Eder hamda Osiyo universitetlar sporti federatsiyasi (AUSF) rahbariyati vakillari qatnashdi.


Tantanali marosimda “FISU” prezidenti Leonz Eder va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov musobaqalarga ramziy start berish tugmasini bosdi. Shu tariqa oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida 2026-yilgi «Besh tashabbus olimpiadasi» sport musobaqalariga rasman start berildi.
Xalqaro forum vakillarining marosimda ishtirok etishi talabalar sportini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va universitetlar sporti sohasida tajriba almashishga xizmat qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA