Talabaga Prezident sovg‘asi topshirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni Olimpiya shaharchasida Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan maxsus ko‘rgazmada mamlakatimizning faol va izlanuvchan yoshlarining mahalla hayoti, ekologiya, startaplar, muhandislik va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish kabi sohalardagi loyihalari bilan tanishgan edi.
Ko‘rgazma doirasida davlatimiz rahbariga Nukus davlat texnika universiteti talabalari tomonidan “Shell Eko-marafon” xalqaro tanlovi uchun ishlab chiqilgan “Aral Drive” loyihasi taqdim etildi. Ushbu universitet talabasi, Nukus yoshlar texnoparki rezidenti Ayzada Asanovaning “Yangi avlod avtomobillari” yo‘nalishidagi muvaffaqiyatli loyihasi esa hududlarda ham muhandislik maktablari jadal rivojlanayotganidan dalolat berishi qayd etildi. Mazkur loyiha uchun talaba Prezident sovg‘asi Volkswagen elektromobili bilan taqdirlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan maxsus ko‘rgazma ishtirokchilari bilan uchrashdi. Unda Prezident sovg‘asi Volkswagen elektromobilini o‘z egasiga topshirdi va “Aral Drive” loyihasining barcha ishtirokchilarini qutladi.
Jamoaga kelgusida Belgiya davlatida o‘tkaziladigan tanlovda ham yuqori natijani qo‘lga kiritishiga tilak bildirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA