Taksi agregatorlari orqali 128,2 milliard so‘m soliq yig‘ildi
O‘zbekistonda 2025 yil yakunlariga ko‘ra, taksi xizmatlari bozorida shaffoflik va raqamli integratsiya sezilarli darajada o‘sdi. 224 ta taksi agregatori soliq organlari axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiya qilingan. Buning natijasida yo‘lovchi tashish aylanmasi 9,6 trln. so‘mdan oshdi, jami 479 million yo‘lovchi tashish amalga oshirildi.
Soliq qo‘mitasi xabarida qayd etilishicha, aylanmaning to‘lov shakllari tahlili shuni ko‘rsatadiki, 6,7 trln. so‘m ya’ni 70,2 foizi naqd, 2,8 trln. so‘m, ya’ni 29,8 foizi naqdsiz to‘lovlarda amalga oshirilgan. Shuningdek, bitta chek 20 082,5 so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichlar bozordagi raqamli xizmatlar va shaffoflikning o‘sishini tasdiqlaydi.
Agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish bilan 574,6 ming o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi shug‘ullanmoqda. Ular orasida, 30-50 yoshdagilar 339 681 kishi, 30 yoshgacha 189 547 kishi, 50 yoshdan kattalar 45 398 kishini tashkil etadi. Shu bilan birga, agregatorlar orqali 4 726 nafar ayol faoliyat yuritmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, daromadlar bo‘yicha ham katta tafovutlar mavjud. 15,5 mingga yaqin haydovchi 100 million so‘mdan oshiq daromad qilgan. 36,9 ming haydovchi esa 50-100 million so‘m orasida daromad olgan. 143,8 ming haydovchi 10-50 million so‘m daromad topgan. 71,8 ming haydovchi 5-10 million so‘m, 146,7 ming haydovchi 1-5 million so‘m, 159,7 ming haydovchi 1 million so‘mgacha daromad olgan.
Taksida eng ko‘p ishlatiladigan avtomobillar safida Cobalt, Nexia va Lacetti mashinalari yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Elektr transport vositalari ulushi esa atigi 1,9 foizni tashkil etadi.
2025 yilda taksi agregatori orqali jami 128,2 milliard so‘m soliq tushumi qayd etilgan bo‘lib, shundan QQS 63,6 milliard so‘m davlat byudjetiga kiritilgan. Bu raqamlar agregatsiya qilingan tizim orqali soliqqa bo‘lgan munosabatning oshganini ko‘rsatadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA