Taekvondochilarimiz «Korea Open» xalqaro turnirini 3 medal bilan boshladi
Janubiy Koreyaning Chunchxon shahrida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi G2 toifasiga kiruvchi nufuzli «Chuncheon Korea Open International Taekwondo Championships» xalqaro musobaqasi boshlandi.
Turnirning dastlabki kunida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etib, 1 ta kumush va 2 ta bronza, jami 3 ta medalni qo‘lga kiritdi.
-74 kg. vazn toifasida bahs olib borgan Mironshohmirzo Muzaffarov finalga qadar ishonchli yurish qilib, musobaqaning kumush medaliga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, -54 kg. vaznda Jahongir Xudoyberdiyev hamda -80 kg. toifasida Jasurbek Jaysunov shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga bronza medallarini taqdim etdi.
Shu tariqa, mazkur musobaqada dunyoning 46 mamlakatidan 700 ga yaqin sara taekvondochi medallar hamda jahon reytingi uchun muhim reyting ochkolari uchun kurash olib bormoqda. Musobaqaning ertangi bahslarida ayollar o‘rtasidagi g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi. Unda O‘zbekiston sharafini yetti nafar sportchi himoya qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA