Taekvondo WT: yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati ochilish marosimi o‘tkazildi
Toshkent shahrida taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazilmoqda.
Bugun, 12-aprel kuni nufuzli musobaqaga mezbonlik qilayotgan “Olimpiya shaharchasi”dagi Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan majmuada dunyo birinchiligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti, doktor Chungvon Choy boshchiligidagi delegatsiya, Birlashgan kurash dunyosi prezidenti Nenad Lalovich, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamda MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov, shuningdek, qator nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.
Tantanali ochilish marosimida muhtasham sport saroyiga jahon chempionatida ishtirok etayotgan davlat sportchilari chorlov sadolari ostida chiqdi.
Marosimda so‘zga chiqqan Chungvon Choy mamlakatimizda taekvondo WT sport turini rivojlantirish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga yuksak baho berdi. U, xususan, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, MOQ raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamda mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatovga samimiy minnatdorlik bildirdi.
[gallery-28706]
Tantanali marosim yakunida “World Taekwondo Performance Team” tomonidan taqdim etilgan rang-barang va yuqori saviyadagi shou dasturlar tomoshabinlarga unutilmas taassurot qoldirdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA