Tadbirkorlik faoliyatiga oid yangi farmon samarasi vaqt o‘tishi bilan yaqqol ko‘rinadi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, davlat organlari bilan munosabatlarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Bu borada qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar mavjud muammolarni bartaraf etibgina qolmay, tizimni zamonaviy, raqamli boshqaruv asosida tashkil etishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-aprel kuni qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha yo‘nalishida muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.
Mazkur farmoning mazmun-mohiyati, unda belgilangan yangiliklar va kutilayotgan natijalar haqida Biznes-ombudsman devoni Tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari bilan ishlash shu’basi yetakchi inspektori Abdurahmon Tojiboyev bilan suhbatlashdik.
— Davlatimiz rahbarining tadbirkorlik faoliyatiga oid farmoni soha vakillarini ortiqcha bosim va noqonuniy aralashuvlardan himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli, — deydi Abdurahmon Tojiboyev. — Eng muhim jihati shundaki, nazorat tizimi tubdan o‘zgarib, inson omiliga bog‘liqlik kamaytiriladi va jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi. Natijada ochiqlik va shaffoflik ta’minlanadi.
Masalan, hujjatda 2026-yil 1-iyuldan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi yangilangan ko‘rinishda ishga tushirilishi belgilab berilgan. Ushbu tizim orqali endi tadbirkorlar mas’ul mansabdor bilan bevosita muloqot qilishi, hatto ularning faoliyatiga baho berishi mumkin. Bu esa davlat xizmatchilarining ham mas’uliyatini oshiradi.
Yana bir yangilik, 1-avgustdan boshlab barcha tekshiruvlar “Biznes himoya” QR kodi orqali ro‘yxatga olinadi. Ya’ni, nazorat organi vakili tadbirkor huzuriga kelganda, avvalo QR kodni skanerlab, tizimda “iz qoldirishi” shart bo‘ladi. Shundan keyingina muloqot yoki tekshiruv boshlanishi mumkin.
Shuningdek, ushbu hujjat bilan qog‘ozbozlikka ham bosqichma-bosqich barham berilmoqda. Farmonda ochiqlikni kuchaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, tekshiruvlar uchun barcha ruxsatnomalarni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish nazarda tutilgan. Eng muhimi, tadbirkor ro‘yxatdan o‘tishi bilanoq unga avtomatik tarzda shaxsiy kabinet yaratiladi. Ular bu orqali barcha jarayonlarni mustaqil kuzatishi va nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Umuman olganda, farmonning bosh g‘oyasi — tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni raqamli vositalar orqali kamaytirish.
— “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi oddiy tadbirkor uchun qanday yengilliklar yaratadi?
— Eng katta o‘zgarishlardan biri, tadbirkorning xabardorligi va nazorat imkoniyatining oshishidir. Endi tadbirkor kim, qachon va nima sababdan tekshiruv o‘tkazayotganini aniq bilish huquqiga ega bo‘ladi. Tizim orqali tadbirkor o‘z hududidagi mas’ul mansabdorlar haqida ma’lumot olishi, ular bilan bevosita muloqot qilishi mumkin.
Yana bir muhim jihat shundaki, “Biznes himoya” QR kod tizimining joriy etilishidir. Bu orqali endilikda davlat xizmatchisi har qanday tekshiruv yoki muloqotdan oldin mobil ilova orqali QR kodni skanerlab, jarayonni tizimda ro‘yxatdan o‘tkazishi shart bo‘ladi. Natijada barcha muloqot va tekshiruvlar bo‘yicha yagona tarix shakllanadi. Tadbirkor istalgan vaqtda kim tomonidan, qachon va qanday asosda tekshiruv o‘tkazilganini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
— Ushbu farmonning qabul qilinishiga qanday muammolar sabab bo‘ldi? Ilgari tizimda asosiy kamchilik nimada edi?
— Ochig‘ini aytganda, avvalgi tizimda “yopiq” jihatlar ko‘p edi. Tekshiruvlar ko‘pincha qog‘oz shaklida rasmiylashtirilganligi sababli ularning shaffofligini to‘liq ta’minlash mushkul bo‘lgan. Ayrim hollarda vakolati aniq belgilanmagan yoki yetarli asosga ega bo‘lmagan organlar tomonidan ham nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Hatto maxsus guvohnomasi bo‘lmagan shaxslar tekshiruvga jalb etilgan holatlar ham uchragan. Noqonuniy tekshiruvlarni keyinchalik huquqiy jihatdan isbotlash oson emas edi. Chunki jarayonlar to‘liq qayd etilmagan, ko‘p narsa hujjatlashtirilmay qolib ketgan.
Tadbirkor va nazorat organlari o‘rtasidagi muloqotning hisobsizligi ham jiddiy muammolardan biri edi. Bu esa ba’zan “muloqot” bilan “tekshiruv” o‘rtasidagi chegaraning yo‘qolishiga, ayrim hollarda esa ushbu tushunchalarning aralashib ketishiga olib kelardi. Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ushbu hujjat bilan tekshirish va muloqot o‘rtasidagi chegarani aniq belgilab berildi.
— “Biznes himoya” QR kodining afzalligi nimada?
— Davlat xizmatchilari tadbirkor bilan har qanday muloqot yoki tekshiruvdan oldin mobil ilova orqali QR kodni skanerlashi shart bo‘lib, jarayon tizimda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Agar bu talab bajarilmasa, tadbirkorlar tekshiruv o‘tkazishga ruxsat bermaslik huquqiga ega.
Tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan dalolatnomadagi ma’lumotlar tekshiruv yakunlangandan so‘ng uch ish kuni ichida, tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan qo‘llanilgan ta’sir choralari esa choralar qo‘llanilgandan so‘ng uch ish kunidan kechiktirmasdan tizimga kiritilishi shart. Asosiy afzalligi shundaki, real vaqt ichida tekshiruv o‘tkazish vakolati bo‘lmagan shaxslar haqida tadbirkorga ogohlantirish tizimi joriy etiladi.
— Tadbirkorlar yangi tizimga moslashishda qanday qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin?
— Har qanday islohotni amaliyotga tatbiq etishda muayyan moslashuv davri talab qilinadi. Bu yerda gap to‘g‘ridan-to‘g‘ri qiyinchilikdan ko‘ra, yangi tizimga ko‘nikish haqida bormoqda. Avvalo, raqamli savodxonlik muhim. Chunki tizim asosan mobil ilova va elektron platformalar orqali ishlaydi. Ayrim tadbirkorlar uchun bu dastlab noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Joylardagi internet sifati yoki texnik infratuzilma bilan bog‘liq muammolar ham ta’sir qilishi ehtimoldan xoli emas.
Bundan tashqari, yangi tartib va mexanizmlarni o‘rganish ham vaqt talab etadi. Ammo bu tabiiy jarayon. Tizimdan foydalanish kengaygani sari ko‘nikmalar ham shakllanib boradi. Eng muhimi, ushbu islohotlarning haqiqiy samarasi vaqt o‘tishi bilan, amaliyotda yaqqol ko‘rinadi. Natija va samaradorlik esa mavjud muammolarga qanchalik to‘g‘ri yechim berilganini ko‘rsatib beradi.
— Suhbat uchun rahmat.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bsq6bcskTFA" title="Tadbirkorlik faoliyatiga oid yangi farmon sharhi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Hojiakbarova, O‘zA