“103” xizmatida nimalar o‘zgardi?! (+video)
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tez tibbiy yordamning yagona integratsiyalashgan modeli yaratilishini sohadagi katta yutuqlardan biri sifatida qayd etish mumkin.
Endilikda Elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi tufayli brigadalarning chaqiriq manzillariga yetib borish vaqti 25–30 daqiqadan 10–15 daqiqagacha qisqardi. Manzillarga kechikib borish holatlari keskin kamayib, 1,1 foizdan 0,3 foizga tushdi. Sifatni nazorat qiluvchi “Call-back” tizimi tufayli aholidan kelib tushayotgan shikoyatlar 36 foizga kamaydi.
Tizimda nafaqat texnika, balki xizmat ko‘rsatish madaniyati ham yangilanmoqda. “103” xizmati DMED yagona platformasi bilan integratsiya qilindi. Bu shifokorga yo‘l-yo‘lakay bemorning kasallik tarixi va unga biriktirilgan poliklinika haqida ma’lumot olish imkonini beradi. Soha tarixida ilk bor Toshkent ko‘chalarida tez yordam elektromobillari xizmat ko‘rsatishni boshladi. Eskirgan transportlar o‘rnini 1000 dona zamonaviy “Volkswagen Caddy” avtomashinalari egalladi.
O‘z navbatida, Janubiy Koreyaning KOFIH tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent va Samarqandda tashkil etilgan simulyatsion o‘quv markazlari soha xodimlarining malakasini oshirishda asosiy bo‘g‘in bo‘lmoqda. Shunday markazlar hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida ham barpo etilmoqda.
2026-yilning yanvar oyida qabul qilingan Prezident qarori bilan tez tibbiy yordam xizmati oldiga yangi, hayotiy muhim vazifa qo‘yildi. Endilikda tizim nafaqat chaqiriqqa borish, balki o‘tkir yurak-qon tomir va miya qon aylanishi buzilishlarini barvaqt aniqlash hamda erta o‘lim va nogironlikning oldini olish bo‘yicha asosiy mas’ul organ etib belgilandi.
Tizimdagi barcha texnologik yangilanishlar, zamonaviy avtotransport vositalari va raqamli platformalar yagona maqsad, ya’ni inson hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi. Biroq, eng mukammal texnika ham insoniy mas’uliyat o‘rnini bosa olmaydi.
Tizimda asossiz chaqiriqlar hamon samaradorlikka ta’sir etuvchi asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Har bir asossiz murojaat ortida hayot-mamot yoqasida turgan boshqa bir bemorning haqqi, shifokorlarning qimmatli vaqti va davlat resurslarining besamar sarfi yotibdi. Oddiy holatlarda, ya’ni ambulator sharoitida davolanish imkoni bo‘la turib “103” xizmatini band qilish og‘ir ahvoldagi bemorlarga yordam ko‘rsatish tezligini pasaytirishi mumkin.
Tez tibbiy yordam xizmatiga bo‘lgan mas’uliyatli munosabat nafaqat o‘zimiz, balki yaqinlarimiz va butun jamiyat xavfsizligiga qo‘shilgan hissadir. Zero, tez yordamning tezkorligi fuqarolik madaniyatimiz va vaziyatga to‘g‘ri baho bera olishimizga ham bog‘liq.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YgRqzKTct9M" title="“103” xizmatida nimalar o`zgardi?!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dildora Do‘smatova, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA