O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkalari 2028 yil 1 yanvarga qadar oshirilmaydigan bo‘ldi.
2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan va quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan tadbirkorlik sub’ektlari uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari:
jami xodimlar sonining kamida 15 foizi Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning a’zolaridan tashkil togganda;
har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda;
soliq davrida tikuv-trikotaj, poyabzal yoki charm-attorlik mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumi jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 90 foizini tashkil etganda 1 foiz etib belgilanadi.
2025 yil 1 apreldan boshlab daromadidan qat’i nazar, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.
Savdo-sanoat palatasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bankning Savdo-sanoat palatasi qoshida Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga ko‘maklashish markazi tashkil qilinadi.
Markaz tadbirkorlik sub’ektlariga xalqaro moliya institutlari, xorijiy moliya tashkilotlari va boshqa kredit tashkilotlaridan davlat kafolatisiz mablag‘lar jalb qilish bo‘yicha konsalting xizmatlar ko‘rsatadi.
Markazda har yili kamida 100 nafar tadbirkorlik sub’ektiga xizmat ko‘rsatiladi.
O‘zA