Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Respublika soliq qo‘mitasi hamda viloyat soliq boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar uchun soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, 2025 yilning 1 yanvaridan Soliq kodeksining 30 dan ortiq moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
– 2025 yilning 1 yanvaridan boshlab Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirdi, – deydi viloyat soliq boshqarmasi mas’ul xodimi Islom Amonov. – Bunda asosiy soliq stavkalari saqlab qolindi. Jumladan, daromad solig‘i, qo‘shimcha qiymat solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, ijtimoiy soliq, aylanmadan soliq, yer solig‘i (qishloq xo‘jaligi yerlari), yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig‘i va sug‘orish uchun foydalaniladigan suv solig‘i o‘zgarmasdan qoldirildi. Prezident qarori bilan qo‘shimcha qiymat solig‘i va daromad solig‘i stavkalari 2028 yilgacha oshirilmasligi belgilandi. Shu bilan birga bir qator mahsulotlar uchun aksiz solig‘i va qat’iy belgilangan soliq stavkalari o‘zgardi. Ayrim soliq imtiyozlari bekor qilindi.
Seminarda soliq ma’muriyatchiligini joriy etish, qator soliq stavkalaridagi o‘zgarishlar tadbirkorlarga qulaylik yaratib, ularning samarali faoliyat yuritishiga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
[gallery-21317]
– Tashkilotimiz 100 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari bilan shartnoma asosida autsorsing sifatida buxgalteriya va moliyaviy xizmatlarni amalga oshiradi, – deydi “Finanser” MCHJning buxgalteriya va audit markazi rahbari Ozodjon Hamroqulov. – Seminarda 2025 yilda byudjet parametrlari hamda soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik. Bugungi kunda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, savdo va boshqa yo‘nalishlarda mijozlarimiz mavjud. Qiynab kelayotgan bir qator muammolarimizga yillar davomida bosqichma-bosqich yechim topilmoqda. Eng muhimi, jarayon ichida yurgan mutaxassislar fikri hamda takliflari inobatga olingan holda qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ma’lumki, umumiy ovqatlanish tizimida shu kunga qadar tovar kirim-chiqimi muammo edi. Hech kimga sir emas, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari dehqon bozorlaridan sotib olinadi. Dehqonlardan olinadigan qog‘oz ko‘rinishidagi chek yoki boshqa asoslantiruvchi kvitansiyalar buxgalteriya hisobotida inobatga olinmaydi. Bu Soliq kodeksi yoki biror bir hujjatda ko‘zda tutilmagan holat edi. Endilikda umumiy ovqatlanish korxonalari umumiy ovqatlanishda foydalanish uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlarini bevosita sotuvchilardan naqd pulga sotib olganda soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida yoki soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali elektron shaklda qabul qilish-topshirish dalolatnomasini tuzadi. Shuningdek, 2025 yil 1 yanvardan umumiy ovqatlanish korxonalari davlat byudjetidan tovarlar (xizmatlar)ning oylik aylanmasining kamida 60 foizi naqd pulsiz shaklda bo‘lgan taqdirda to‘langan qo‘shimcha qiymat solig‘ining 40 foizini, 60 foizlik chegaraga erishilmagan taqdirda esa 20 foizini qaytarib olishi mumkin.
Seminar davomida tadbirkorlar soliq siyosatidagi o‘zgarishlarni faoliyatlarida qo‘llashlari, tizim bilan bog‘liq muammoli vaziyatlarni ijobiy hal qilish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari