Tadbirkorga qo‘llanilgan 10 milliard so‘mdan ortiq soliq va jarimalar bekor qilindi
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda barcha sohalar qatori tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xususiy mulk huquqini ta’minlash yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Biznes-ombudsmanga Andijon viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi “I.U.T.S.” MCHJ rahbari Andijon viloyati soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan soliq auditi natijalari hamda tadbirkor zimmasiga noqonuniy yuklatilgan majburiyatlardan norozi bo‘lib, murojaat qildi.
O‘rganishlar davomida Andijon viloyati soliq boshqarmasi mansabdor shaxsi tomonidan tadbirkorlik subekti faoliyatida tekshiruv o‘tkazishda, xususan, tekshiruvni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali tashabbus qilish va elektron ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, tekshiruvni o‘tkazish jarayonida Soliq kodeksi hamda tadbirkorlik faoliyatini tekshirishga oid qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilmagani aniqlandi.
Natijada tadbirkorga nisbatan 10 milliard so‘mdan ortiq soliq va moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan.
Vakil devoni xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida mansabdor shaxs tomonidan tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish tartibi hamda qonunchilik talablarining buzilgani tasdiqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Biznes-ombudsman xodimlari tomonidan Andijon viloyati soliq boshqarmasi mansabdor shaxsiga nisbatan MJtKning 241-2-moddasi (tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tekshirish tartibini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, soliq organi mansabdor shaxsiga 16 million 480 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Andijon tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan Andijon viloyati soliq boshqarmasining tadbirkorga nisbatan chiqargan qarori hamda 10 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi soliq va moliyaviy jarimalar bekor qilindi.
G.Boboyeva,
O‘zA