Tadbirkorning soliq qarzdorligi bekor qilindi
Ma’lumki, Biznes-ombudsman tomonidan hududlarda tez-tez sholichilik, paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik va chorvachilik yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. Ularda fermerlarni qiynayotgan asosiy masalalar: noqonuniy qarorlar, asossiz soliq hisoblash, subsidiya ajratish, shartnomaviy munosabatlar bilan bog‘liq muammolar o‘rganilmoqda.
Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsmanga Andijon tumanlararo ma’muriy sudida “O.M.P.” MCHJning soliq idorasi qarorini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha kiritgan arizasi ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, Andijon viloyati soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi natijasida tadbirkorga nisbatan qaror qabul qilingan va katta miqdorda soliq qarzdorligi hisoblangan. Tadbirkor ushbu qarordan norozi bo‘lib sudga murojaat qilgan.
Sud muhokamasi davomida Biznes-ombudsman xodimlari tomonidan tekshiruv jarayonida davlatimiz rahbarining 2022-yil 13-sentabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilganligi hamda tekshiruv o‘tkazish tartibiga rioya etilmaganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 67-moddasiga muvofiq, qabul qilingan qaror qonuniyligini isbotlash majburiyati ma’muriy organ zimmasiga yuklatilgan bo‘lsa-da, soliq organi tomonidan yetarli dalillar taqdim etilmadi.
Sud Biznes-ombudsman xodimlari tomonidan keltirilgan ushbu huquqiy asoslarni inobatga olib, jamiyat arizasini qanoatlantirdi va viloyat soliq boshqarmasining tegishli qarorini haqiqiy emas deb topdi. Natijada tadbirkorning 486,8 million so‘mlik soliq qarzdorligi hisobdan chiqarilib, uning murojaati ijobiy hal etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA