Tadbirkor va ishlab chiqaruvchilar bilan ochiq muloqot
Yangi Andijon shahrida tadbirkorlikni rivojlantirish, texnik jihatdan tartibga solish sohasida eksportga ko‘maklashish va xalqaro standartlarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Andijon viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan muloqotda agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar mutasaddilari, mutaxassislari, Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, sanoat hamda eksportyor korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Muloqot avvalida ishtirokchilar “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” hamda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatlarining tadbirkorlik sub’ektlariga taqdim etayotgan xizmatlar, ko‘rsatayotgan moliyaviy ko‘maklar va boshqa takliflar bo‘yicha taqdimotlari bilan tanishdi.
Shundan so‘ng Andijon viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Ergashali Abdujalilov, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori o‘rinbosari Temur Mashanpin so‘z olib, mamlakatimizda tadbirkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat olib borishlariga ko‘maklashish, muammolarini bartaraf etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
– Mutaxassislarimiz ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlariga milliy va xalqaro sertifikatlar olishi, mahsulotlarini xorijiy davlatlarga eksport qilishlari uchun zarur yordamlarni ko‘rsatadi, – deydi Temur Mashanpin. – Eng asosiysi, ularning tegishli sertifikat olish, mahsulotlarini xorijiy ko‘rgazmalarga joylash uchun sarflaydigan xarajatlari to‘la yoki ma’lum qismi qoplab beriladi. Bundan ko‘zlangan maqsad – tadbirkorlarning samarali ish yuritishlariga, ularning eksport salohiyati va imkoniyatlarini oshirishga ko‘maklashish. Tadbirkorlik sub’ektlari qanchalik barqaror ishlasa, iqtisodiy baquvvat bo‘lsa, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratiladi, yurtimiz iqtisodiyoti ham mustahkam bo‘ladi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, bugungi kunda Andijon viloyatida 5 ming 268 ta sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 478 tasi eksportyor korxona hisoblanadi. Ularning aksariyati to‘qimachilik, mashinasozlik, oziq-ovqat, qurilish, kimyo sanoati, mebel sanoati, yengil sanoat, farmatsevtika va elektrotexnika yo‘nalishidagi korxonalardir.
2026-yilning yanvar-iyul oylarida viloyatdagi 122 ta eksportyor korxona tomonidan 38 ta davlatga 602,2 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 186 foizga o‘sgan.
[gallery-31099]
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida viloyatdagi 5 ming 268 ta sanoat korxonasining faoliyati o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar natijasida 432 ta korxonaga sohaga oid amaliy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 146 ta korxonaga xalqaro sertifikat olish, 36 ta korxonaga sertifikatlashtirish, 166 ta korxonaga standartlashtirish, 66 ta korxonaga metrologiya masalalarida, 12 ta korxonaga mahsulotlarni yorliqlashda, 6 ta korxonaga mahsulotlarni sinovdan o‘tkazishda amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.
Shuningdek, joriy yilda 177 ta eksportyor korxonaga ham turli yordamlar ko‘rsatildi. Shundan 38 tasida menejment tizimlari joriy qilindi, 31 tasida metrologiya, 5 tasida sertifikatlashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.
Xalqaro sertifikatlar eksport imkoniyatlarini kengaytiradi. Ana shundan kelib chiqib, Asaka tumanidagi “Invest Davr Teks” MCHJga SEDEX xalqaro standarti talablari asosida sertifikatlashda yordam ko‘rsatildi. Natijada korxona Rossiya, Moldova va Ukraina bozorlariga 802,7 ming dollarlik mahsulot eksport qildi.
Bundan tashqari, Xo‘jaobod tumanidagi “Fazo group” MCHJga ham SEDEX xalqaro standarti talablari asosida sertifikatlashda ko‘maklashildi.
Umuman, agentlik tizimidagi xizmatlar tomonidan viloyatdagi 152 ta eksportyor va eksport salohiyatiga ega korxonaga standartlashtirish, sertifikatlash, qadoqlash va yorliqlash masalalarida amaliy yordam berildi. Ularga GSP+ doirasida mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib kirish talablari tushuntirilib, uslubiy qo‘llanmalar taqdim etildi. Buning natijasida viloyatdagi 6 ta korxona tomonidan GSP+ doirasida qiymati 3,4 million dollarlik to‘qimachilik, elektrotexnika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Yevropa Ittifoqining 9 ta davlatiga eksport qilindi.
– Korxonamiz o‘z mahsulotlari uchun “OEKO Tex” standart-100 xalqaro sifat sertifikatiga ega, – deydi Paxtaobod tumanidagi “Oltin mato group” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Jahongir Sattorov. – Bu mahsulotlarimizni Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston davlatlariga erkin eksport qilish imkonini bermoqda. Shu yilning o‘tgan yetti oyi davomida 12 million dollardan ziyod mahsulot eksport qilindi. Muloqotda ishtirok etib, mahsulotlarni Yevropa bozoriga olib kirish, buning uchun qanday xalqaro sertifikatlar olish haqida keng ma’lumotlar oldik. Bundan buyon ana shu sertifikatlarni olishga, mahsulotlarimizni Yevropa bozorlariga olib kirishga harakat qilamiz.
Mazmunli va samarali o‘tgan ushbu muloqot ishlab chiqaruvchilarga, ayniqsa, eksportyor korxonalarga mahsulotlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda yangi tashqi bozorlarga chiqish haqida keng ma’lumotlar olish imkonini berdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto).
O‘zA muxbirlari