Tadbirkor manfaati – ustuvor maqsad
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlar uchun qulay va shaffof biznes muhitini shakllantirish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada bojxona organlari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga yanada keng imkoniyatlar yaratib, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bugun rahbarlar kabinetda emas, balki tadbirkorlar huzuriga borib, muammolarni joyida o‘rganish va amaliy yechimlar taklif etish tamoyili asosida ish olib bormoqda.
Ana shunday ochiq muloqot va manzilli yondashuv doirasida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini o‘rganish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan navbatdagi sayyor uchrashuv tashkil etildi.
Bu galgi manzil metall buyumlar, suv quvurlari, isitish uskunalari va turli inventarlar ulgurji savdosiga ixtisoslashgan “BNB MET” MCHJ bo‘ldi.
Uchrashuv davomida korxonada yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish va logistika jarayonlari, import operatsiyalari hamda tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar atroflicha o‘rganildi. Korxona rahbariyati bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada rivojlantirishga doir fikr va takliflar muhokama qilindi.

E’tiborlisi, mazkur korxona so‘nggi ikki yil davomida mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yirik import loyihalarini amalga oshirgan. Jumladan, 2025–2026-yillarning o‘tgan davrida Eron Islom Respublikasidan umumiy qiymati qariyb 40 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 62 ming tonna qora metall, armatura va po‘lat simlar mamlakatimizga import qilingan. Bu esa qurilish, sanoat va infratuzilma tarmoqlarini sifatli xomashyo bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muloqot jarayonida tadbirkorlarga bojxona tizimida amalga oshirilayotgan so‘nggi islohotlar, joriy etilgan yengilliklar va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, xalqaro savdoda ishonchli hamkor sifatida e’tirof etiladigan “Vakolatli iqtisodiy operator” maqomini olish tartibi, unga qo‘yiladigan talablar hamda ushbu maqomning amaliy afzalliklari tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur maqomga ega bo‘lgan korxonalar uchun bojxona rasmiylashtiruvi yanada tezlashadi, ortiqcha vaqt va xarajatlar qisqaradi, tashqi iqtisodiy faoliyatda qo‘shimcha yengilliklar yaratiladi. Bu esa tadbirkorlarning raqobatbardoshligini oshirish va xalqaro bozorlardagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etish, ularga huquqiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatish, ochiq muloqotlarni muntazam davom ettirish bojxona organlarining ustuvor vazifalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan bunday sayyor uchrashuvlar davlat va tadbirkor o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlamoqda. Eng muhimi, bu kabi amaliy muloqotlar muammolarni joyida hal qilish, tashqi savdoni yanada rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash hamda mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga xizmat qilayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yangi O‘zbekistonda tadbirkorning manfaati va uning muvaffaqiyati davlat e’tiborining markazida ekanini ana shunday amaliy ishlar yana bir bor yaqqol namoyon etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA