“Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman-shahar gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari va huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda viloyat bo‘ylab tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, Qibray tumanining “Salar” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan noturar bino xatlovdan o‘tkazilganda, fuqaro Sh. A. kafel ishlab chiqarish sexi tashkil etib, loyiha-texnik hujjatlarisiz tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib olgani ma’lum bo‘ldi. “E-maʼmuriy” dasturi orqali hisob-kitob qilinganida gaz ta’minoti korxonasiga 955 million 583 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi.
Shuningdek, Oqqo‘rg‘on tumani Usta Nurmat MFYda joylashgan “R. Q.” MCHJga qarashli novvoyxonada ham gazdan foydalanish holati o‘rganildi. Iste’molchi tabiiy gaz tarmog‘iga tegishli loyiha-texnik hujjatlarisiz ulanib, “zangori yoqilg‘i”dan o‘g‘rincha foydalanib kelgani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha 946 million 80 ming so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Mazkur aniqlangan holatlar bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillariga topshirildi. Joylarda bu kabi nazorat tadbirlari davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA.