Taʼlimni takomillashtirishga koʻmak
Amerikalik mutaxassis, Vermont shtatining Charlotte Central maktabi treneri Allan Miller yurtimizda xalq taʼlimi tizimini yana-da takomillashtirishga hissa qoʻshmoqda.
Amerikalik mutaxassis, Vermont shtatining Charlotte Central maktabi treneri Allan Miller yurtimizda xalq taʼlimi tizimini yana-da takomillashtirishga hissa qoʻshmoqda.
Allan Miller AQSHning Fullbright dasturi doirasida jalb etilgan boʻlib, Samarqand viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida faoliyat yuritayapti.
Mutaxassisning malaka oshirish mashgʻulotlari 28-yanvar – 7-mart kunlari boʻlib oʻtadi. U STEAM yondashuv va xalqaro baholash dasturlari doirasida trenerlarni tayyorlash uchun seminar-trening va mahorat darslari oʻtadi.
STEAM taʼlim texnologiyasi maktab oʻquvchilarini yangicha oʻqitish metodikasi boʻlib, anʼanaviy oʻqitish metodikasidan farqli hisoblanadi. U oʻquvchilarni bir vaqtning oʻzida texnologiya, muhandislik, tasviriy sanʼat, matematika boʻyicha oʻqitishga moʻljallangan. STEAM fan boʻyicha emas, balki mavzular boʻyicha integratsiyalashgan oʻqitish tizimidir. Allan Miller fikriga koʻra, STEAM taʼlimi, deganda amaliy mashgʻulotlar yordamida ilmiy-texnik bilimlarni real hayotda qoʻllash tushuniladi.
Seminar-treninglar doirasida amerikalik mutaxassis STEAM yondashuv asosida darslarni tashkil etish boʻyicha oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashadi, maslahatlar beradi va tajriba almashadi.
Mazkur loyihaga viloyat xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi, umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari jalb etilgan.