“Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga jiddiy oʻzgarishlar kiritilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi amaldagi qonuniga 20 yildan oshdi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi amaldagi qonuniga 20 yildan oshdi. Tabiiyki, hujjat bugungi zamon ruhiga, islohotlarimiz mohiyatiga hamohangligini yoʻqotmoqda.
Shu bois Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi sohadagi yutuq va kamchiliklar, jahondagi tajriba va tendensiyalarni inobatga olgan holda takomillashtirilmoqda.
Quyi palataning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi huzurida tuzilgan ishchi guruh tomonidan bir necha oy davomida tayyorlangan qonun loyihasi yuzasidan deputatlar turlicha fikr bildirmoqda. Jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari ushbu qonun taʼlim sohasini tartibga solish bilan bir qatorda tarbiyaga ham bevosita daxldor boʻlishi kerakligini aytmoqda. Lozim topilsa qonunni “Taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida” deb nomlash, taʼlim standartlari normalarini “taʼlim va tarbiya standartlari” tushunchalari bilan boyitish kabi takliflar ilgari surilmoqda.
Deputatlar qonun loyihasidagi xorijiy tushunchalarni oʻzbek tilidagi nomlar bilan atash, ayrim tushunchalar noaniqliklarni keltirib chiqarayotgani bois, ularga aniqlik kiritish taklifi ham bildirildi. Qolaversa, aniq toʻxtamga kelish qiyin boʻlgan bir qator normalar keskin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.
Jumladan, taʼlim berish tili bilan bogʻliq modda havolaki tusda boʻlib qolgani bois, deputatlar uni loyihadan chiqarib tashlashni taklif qildi.
Ayni paytda Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi huzuridagi ishchi guruh bildirilgan taklif va mulohazalarni qonun loyihasida aks ettirish ustida ish olib bormoqda.