Ta’lim sohasini “tozalash“ kerak
Mamlakatimizda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, vatanimizning rivojlanishi, yosh avlodning vatanparvar, ma’naviy jihatdan yetuk va salohiyatli kelajak bunyodkorlari sifatida shakllanishiga to‘sqinlik qiluvchi eng ayanchli va jamiyatimiz uchun noloyiq bo‘lgan oliy ta’limdagi korrupsiya masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Mamlakatimizda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, vatanimizning rivojlanishi, yosh avlodning vatanparvar, ma’naviy jihatdan yetuk va salohiyatli kelajak bunyodkorlari sifatida shakllanishiga to‘sqinlik qiluvchi eng ayanchli va jamiyatimiz uchun noloyiq bo‘lgan oliy ta’limdagi korrupsiya masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Uchrashuvdagi fikrlar kelajakka, yoshlarning tarbiyasiga befarq bo‘lmagan insonlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Korrupsiya xalqning davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi, jamiyatning axloqiy asoslarini yemiradi, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning vujudga kelishi va chuqurlashishiga sabab bo‘ladi. Tan olish kerakki, jamiyatimizda mazkur illat yillar davomida tomir otganligi xususida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev deyarli har bir chiqishlarida bizlarni ogohlikka chorlaydi.
Lekin korrupsiyaga qarshi kurash tobora qat’iy bo‘lib borsa-da, ajiriq kabi uning ildizlari hali-hanuz saqlanib qolgan ko‘rinadi. Astoydil ta’lim olib, ne-ne orzular bilan o‘qishga hujjat topshirgan yoshlar manfaatini hatlab o‘tib, harom luqma bilan kun kechirishni o‘ziga odat qilgan ayrim nopok insonlar hozir ham uchrab turgani jamiyatimizdagi sog‘lom muhitga salbiy ta’sir qilyapti.
Xalqimizning tom ma’nodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat mas’ul idoralar, balki har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarur. Buning uchun yurtdoshlarimizda korrupsiyaga, umuman, har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasizlik kayfiyati shakllanishi talab qilinadi. Chunki qonunbuzarliklar sodir etilishiga ko‘pincha odamlardagi loqaydlik, ayniqsa, o‘z haq-huquqini bilmaslik ham sabab bo‘lyapti. Barchaning yakdilligi, yurt taqdiriga daxldorlikni his etgan holda hamjihatlikda ish olib borishi illatlarning batamom barham topishiga xizmat qiladi.
Bunga erishish uchun ta’limda “tozalash“ bo‘lishi kerak. Ushbu illatning ta’lim muassasalarida kuzatilmasligi va uning har qanday ko‘rinishlarini oldini olish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rib, kelajakda bilimli, salohiyatli va raqobatbardosh tibbiyot kadrlarini tayyorlash, ular aholi salomatligini saqlash borasida o‘zining salmoqli hissasini qo‘shishi uchun shart-sharoitlarni yaratish, oliy ta’limni korrupsiyadan holi sohaga aylantirishda barchamiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur.
Bir so‘z bilan aytganda, korrupsiya kabi illatni oliy ta’limdan yo‘qotish uchun nafaqat davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, balki har birimiz bir yoqadan bosh chiqarib, astoydil ishlashimiz zarur.
Botir DAMINOV,
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori,
tibbiyot fanlari doktori, professor.